Futbol bo‘yicha Yevro-2024 yarim finalining ikki o‘yiniga qarab, ssenariy bir xil bo‘lganini aytish mumkin. Boshida “yongan” olov gollar urilib olgach, biroz so‘ndi. Ikki o‘yinning ham 20-daqiqasini ko‘rgach muxlislar xayolida JCH-2022 finali bo‘lishi kutilgandi. Ammo ehtiyotkor o‘yinni afzal ko‘ruvchi murabbiylarning taktikasimi, qolgan 70 daqiqa muxlislarni biroz zeriktirdi. “Taktika” — yarim finallari haqida so‘z yuritadi.
Hujumga yo‘l topolmay qolgan “uchranglilar”
Fransiya o‘yinning ilk daqiqalarini shunchaki dahshatli boshladi. Ketma-ket hujumlar natijasi golga olib keldi. Ma’lumot uchun, ushbu gol Fransiyaning o‘yindan urgan ilk goli hisoblanadi! Shundan so‘ng navbat ispanlarga o‘tdi va bo‘ldi, bundan keyin ular ustunlikni bermadi. Shu o‘rinda bir mulohaza: Desham jamoasi istaganida ustunlikni olishi ham, hujumlarni qalashtirib tashlashi ham mumkin edi. Lekin mana shu joyda uzoq vaqtdan buyon qo‘llanib kelinayotgan uslubni “buzish” qiyin bo‘ldi. O‘sha kuni ularda hech nima o‘xshamadi.
Dembele va Mbappening o‘yini mutlaqo ochilmadi. Grizmann hamda Jiru zaxiradan juda kech tushdi. De la Fuente esa barchasini to‘g‘ri qila bildi deyish mumkin. Pedri, Le Norman va Karvaxalning yo‘qligini bildirmadi, hatto 38 yoshli Navas ham o‘z ishini yaxshi qildi.
Statistikaga to‘xtaladigan bo‘lsak, chorak finalda bo‘lgani kabi golli vaziyatlar yaratish (xG) bobida yutqizgan jamoa ustun bo‘ldi: 0,62 — 1,09. Hatto zarbalar bo‘yicha ham aniqlik Fransiyada.
Yamal va Olmo — ispan futboli kelajagi. Garchi ikkisi ham hali yosh, tajribasi kam deya aytilsa ham, ularda ispan futboli DNKsi bor. Hozirgi terma jamoa 2008−2012-yilgi Ispaniya kabi qo‘rqinchli bo‘lmasa-da, mana shu Yevroda murabbiyning ishini ko‘rsatib bera oldi. Top klublarda o‘ynamaydigan futbolchilar bilan ham zo‘r jamoa tuzsa bo‘lishini xuddi o‘zining aksi bo‘lgan Deshamga namoyish qildi.
Sautgeyt ayyormi yoki omadi chopgan murabbiy?
Bu — Angliyaning turnirdagi ikkinchi bor so‘nggi daqiqada gol urish orqali natijani o‘z tomoniga og‘dirib olishi. Savol shundaki, bu Sautgeytning ayyorligimi yoki shunchaki omad? Ayni o‘sha gollarga qaralsa, javob paydo bo‘ladigandek — futbolchilarning o‘zlari hal qilib tashlashyapti.
Niderlandiya, xuddi fransuzlar kabi, ilk daqiqalarni yaxshi boshladi va gol urib oldi. Angliya ham tezda javob berdi. Hisob tenglashgach, o‘ta zerikarli o‘yin boshlandi va bu so‘nggi daqiqaga qadar davom etdi. Ustunlik har tomonlama angliyaliklarda bo‘ldi. To‘p nazorati bo‘yicha, darvoza tomon zarbalar va hatto golli vaziyat yaratish bobida ham niderlandiyaliklardan ustun keldi.
Hozir “zarg‘aldoqranglilar”ning o‘yini xususida turli xil fikrlar bo‘lishi mumkin. Depayning birinchi bo‘limda chiqib ketishi, raqibning o‘yin bermasligi, lekin klass o‘z so‘zini baribir aytdi, deyish mumkin.
Sautgeyt shunday o‘yini bilan terma jamoasini ketma-ket ikkinchi bor Yevro finaliga olib chiqmoqda. Bu oddiy ko‘rsatkich emas. Agar ushbu finalni ham yuta olmasa, muammo bir Garetniki emas, balki “Angliya sindromi” butun futbolda paydo bo‘lgani ma’lum bo‘lib qoladi.