Uchtepa tumani hokimi Farhod Ravshanovich Abdullayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Toshkent shahri hokimining 11-iyuldagi farmoyishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, tuman hokimi vazifasini moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar Jamshid Alimjonov vaqtincha bajarib turadi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmatining 9-iyul kuni ma’lum qilishicha, Farxod Abdullayev “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ boshqaruv raisi etib tayinlandi. Kombinat prezident qarori bilan Olmaliq KMK tarkibidagi “Nodir metallar va qattiq qotishmalar” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi negizida tashkil qilingan.

Uning vazifalariga litiy, grafit, volfram, tantal-niobiy, magniy kabi metallar xomashyosining mavjud zaxiralaridan samarali foydalanish, ularni chuqur qayta ishlash, mahsulot turlarini amaldagi 15 tadan 48 taga oshirish kiradi.

Abdullayev 1978-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Faoliyati davomida qator korxonalar rahbari, 2011−2017-yillarda Sergeli tumanidagi “Toshkent rangli metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, 2017−2018-yillarda “O‘zbekiston rangli metall parchalari, chiqindilarini tayyorlash va qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori lavozimida ishlagan.

2018−2019-yillarda Toshrangmetzavod recycling MCHJ direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari, 2019-yildan Uchtepa tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgandi.