11-iyul, payshanba kuni Qo‘qonga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyevga Farg‘ona turizm halqasini tashkil etish konsepsiyasi taqdimot qilindi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Taqdimotda viloyatning boy tarixi va go‘zal tabiati hisobga olinsa, buning o‘zi yetarli emasligi ta’kidlandi.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdan iborat.

Shu maqsadda Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.

Prezident Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi qarori bilan tashkil etilgan Qo‘qon universiteti bilan tanishdi, universitet yonida joylashgan Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.

farg‘ona viloyati, shavkat mirziyoyev, turizm

Qadimda bu yerda o‘rda — hukmdor saroyi bo‘lgan. Xo‘qand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti bo‘lgan. U haqda ko‘plab tarixiy manbalarda yozilgan. Qo‘rg‘on xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.

Ushbu yodgorlik 2019-yilda moddiy-madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022-yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.

Prezident mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish tashabbusini bildirdi.