Yangidan ochilgan Qo‘qon aeroportiga 11-iyul kuni O‘zbekiston prezidentining samolyoti ilk bor qo‘ndi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Mazkur aeroport 1977-yilda qurilgan, yaqin yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Aeroport 2001-yilda fuqaro aviatsiyasi samolyotlarini qabul qilishni to‘xtatgan va keyinchalik O‘zbekiston Qurolli kuchlarining Harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida 2024-yil 1-aprelda ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat rahbari u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320−200 va ATR 72−600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“Prezident endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, — deyiladi xabarda. Parvozlar SilkAvia kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Toshkentdan Qo‘qonga 19 kishini sig‘dira oladigan LET L-410 samolyoti qatnaydi, uchish 1 soat vaqt talab etadi, narxlar 191 ming 365 so‘mdan boshlanadi.