“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Kutubxona” nomli loyiha boshladi. Unda o‘z xonadonida kutubxona tashkil qilgan mutolaa ishqibozlari bilan kitobxonlik va kutubxonachilik haqida suhbatlar uyushtiriladi.

Loyihaning ilk mehmoni — O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. U intervyu davomida kim sabab mutolaaga qiziqqani, qaysi asar kuchli ta’sirlantirgani, “Xurshid Davron kutubxonasi” saytining ochishdan maqsadi, Qur’oni karimning o‘zbek tiliga tarjima jarayonidagi ishtiroki haqida gapirib berdi.

— Kitob yig‘ishni qachondan boshlagansiz, bunga kim turtki bo‘lgan?

— Tabiiyki, hamma narsa bolalikdan boshlanadi. Oilamiz ziyoli va har bir a’zosi kitobxon edi. Lekin mutolaaga, adabiyotga nisbatan qiziqishim onamning opasi, ya’ni Subuha xolam tufayli tug‘ilgan. U men o‘qigan maktabda adabiyot fanidan dars berardi. Xolamning uyida bir tokcha badiiy adabiyotlar bo‘lardi, barchasi o‘sha davrning eng zo‘r kitoblari edi. Shu sababli ularnikiga tez-tez borib, kitoblar mutolaa qilardim. Kutubxona degan tasavvur o‘shanda paydo bo‘lgan, unda 5−6-sinfda o‘qirdim. Keyinchalik maktabimiz va kolxoz kutubxonalaridagi deyarli barcha kitoblarni o‘qib tugatganman, hamma kutubxonachilar meni yaxshi tanirdi. Shu tariqa o‘zim ham kitob yig‘a boshlaganman. Kitob bu — tirik narsa, sening nafasing urilishi bilan u ham senga nafas bera boshlaydi. Uning tirikligi shundaki, har bir sahifasi yashnab turgan daraxtlardan paydo bo‘ladi.

— Hayotingizda tub burilish yasagan yoki sizga kuchli ta’sir qilgan asar bormi?

— Mirkarim Osimning “O‘tror” nomli qissasini o‘qiganimda, tarixga nisbatan qiziqish uyg‘ongan. Yoshlarga birinchi shu kitobni o‘qitishdan boshlash kerak, degan fikrdaman. Uning ijodidan qattiq ta’sirlanganim tufayli Mirkarim Osim haqida maqola va she’rlar yozganman. Bir she’rimda mana shunday katta ishlarni qilgan insonlarni o‘z vaqtida qadrlamaganimizni qog‘ozga tushirganman. Sovet davrida ham qadrlanmagan. Yozuvchining asarlarida butun tariximiz: To‘maris, Shiroqdan boshlab, Navoiyu Nodira haqida ko‘p ma’lumotlar bor. Ayrimlarga Mirkarim Osimning asarlarini o‘qishni tavsiya qilganimda, juda ham sodda yozilgan ekan, deyishgan edi. Yozishni bilmagan odam murakkab yozadi, sodda narsa yozish qiyin, sodda yozish — mahoratning eng oliy cho‘qqisi, deya javob beraman. Mirkarim Osimning asarlari haqiqatan sodda, lekin tarixni o‘qigan sari o‘qiging keladi.

kitob, kitobxonlik, kutubxona loyihasi, mutolaa, хuршид davrон

Bundan tashqari, tarixga qiziqishim nafaqat Samarqandda tug‘ilib o‘sganim, balki ajdodlarimning qanaqa odamlar bo‘lganligini bilganim hamda bobolarimning nomlari tarix kitoblarida qayd etilganligi uchun ham baland. Masalan, Naqshbandiya tariqatining atoqli vakili, 23 ta kitobi qo‘lyozmalar intitutida saqlanadigan Mahdumi A’zam eng olis bobolarimdan biri hisoblanadi. U kishi Kosonsoyda tug‘ilgan, keyinchalik Samarqandga kelgan. Qisqa vaqt Bobur Mirzoga, so‘ngra asosan shayboniylar suloasining yirik namoyondalaridan biri Ubaydulloxonga pirlik qilgan. Mahdumi A’zamdan keyingi bobolarim ham tarix kitoblariga kiritilgan, hammasi ilmli, kitobxon inson bo‘lgan.

Qush uyasida ko‘rganini qilganidek, oilada mutolaa muhiti bo‘lsa, farzandlar ham albatta, kitob o‘qiydi. Eng avvalo, ota-ona kitobxon bo‘lsa, bolalar ham kitob mutolaa qiladi.

— Qaysi ijodkorlarning asarlarini sevib o‘qiysiz, kimlarning asarlaridan ilhomlanasiz?

— Bu yerdagi kitoblarning ba’zilarini bir yil o‘tar-o‘tmas yana o‘qigim keladi. Bulgakovning “Usta va Margarita”si, Shukur Xolmirzayevning hikoyalari va boshqa o‘zim yaxshi ko‘rgan shoirlarning she’rlarini qayta-qayta o‘qiyman, ular vaqt o‘tib yana quvontiradi, yangi taassurotlar beradi. Kitob inson yuragini tozalaydi. Boburiylar saroyida vrach bo‘lib ishlagan fransuz odamning xotiralari yozilgan kitobni ham ko‘p mutolaa qilaman. Unda Shohjahonning to‘rtala farzandining taxt uchun kurashi tasvirlagan. 1930-yillarda chiqqan shu kichkina kitobni 12 ta kitobga almashtirganman, shu tomonlama ham bu menga juda qadrli.

Eng ko‘p o‘qiydigan va eng sevimli asarim bu — “Boburnoma”, jahon adabiyotida bunday asarlar barmoq bilan sanarli. Bobur bu kitobida o‘zining dardi, qayg‘usi, quvonchi, boshidan kechirgan har bir holatini yashirmasdan, uyaladigan joylarini ishora bilan yozgan, lekin yashirmagan. Men uchun “Boburnoma”ga teng keladigan asar yo‘q. Boburni yaxshi ko‘rishimga ham shu asar sababchi, Bobur Mirzoga bag‘ishlab ko‘plab maqolalar, “Bobur sog‘inchi” dramasini yozganman.

— Ko‘p odamlar shaxsiy kutubxona ochishga sharoitim yo‘q deydi, imkoniyati borlarning barchasi ham bunga qunt qilmaydi. Sizda kutubxona tashkil etish jarayoni qanday kechgan?

— Toshkentdan uy sotib olgunimizga qadar ijarama-ijara yurganmiz va bu davr oralig‘ida ko‘p kitoblarim yo‘qolgan. Armiyaga borguncha yig‘gan kitoblarimni birovning uyiga vaqtinchaga tashlab ketganman, xizmatdan qaytsam, u kitoblar ham yo‘q ekan. Xullas, shaxsiy kutubxona ochgunimcha ko‘plab kitoblarimdan ayrilganman.

Qasrlar ham g‘ishtlardan bunyod etiladi, o‘zidan-o‘zi qad rostlamaydi. Narvonga birdaniga chiqib bo‘lmaganidek, kutubxona tashkil qilayotganda ham birma-bir kitob yig‘ishdan boshlash kerak, toma-toma ko‘l bo‘lur, deb bekorga aytilmaydi. Kutubxona faqat o‘zingizga emas, oilangiz, farzandlaringiz, nabiralaringiz uchun ham kerak. Duch kelgan odamni uyingizga olib kirmagandek, qo‘lingizga tushgan har qanday kitob ham kutubxonadan o‘rin olmasligi lozim. U kitob bolangizga nimani o‘rtagadi, siz bilan qanday suhbatdosh bo‘ladi, fikringizni chalg‘itadimi yoki o‘ylaringizni yana-da yuksalishiga xizmat qiladimi? Chunki dunyo faqat biz biladigan qitalar, dengizlar va tog‘lardan emas, g‘oyalardan iborat. Har bir davlatning, shoir va yozuvchilarning ham o‘z g‘oyasi bo‘ladi. Bu g‘oyalarni yaxshi bilish, farqlay olish va bunga jiddiy qarash kerak. Yaxshi kitoblarni mutolaa qilish ham yaxshi g‘oyalarga ergashish va noto‘g‘ri g‘oyalardan o‘zini himoya qilishni o‘rgatadi. Insonning o‘zida ishongan g‘oyasi bo‘lsa, duch kelgan g‘oyaning orqasidan ketavermaydi.

Kutubxona tashkil etgandan keyin kitoblarni saralash juda muhim jarayon hisoblanadi. Kutubxona ham saralash oqibatida shakllanishi kerak. Turli vaziyatlar bilan birovlarning uyiga borganimda, kutubxonasida biror marta ham ochilmagan yap-yangi kitoblarning taxlab qo‘yilganini ko‘rganman. Kattaroq rahbarlarning uyida ham mashhur va nodir kitoblarning qator terib qo‘yilganiga guvoh bo‘lganman. Biz esa u kitoblarni xarid qilish yoki o‘qish uchun qayerlarga bormasdik, eh-heye… O‘qilmagan kitoblar huddi qabristonga o‘xshaydi. Kitob faqat uni o‘qishni boshlaganingizdan keyin tiriladi va siz bilan gaplasha boshlaydi. Kitob — siz adashgan paytda to‘g‘ri va katta yo‘lga olib chiqadi. Afsuski, bugungi kunda telefonga tikilib-tikilib, kitob o‘qishdan uzoqlashish jarayoni kuzatilyapti. Saytga yoki tarmoqlardagi sahifalarimga kattaroq xajmdagi biror asarni qo‘ysam, yoshlar “uzun ekan”, deyishadi. Hozirgi avlodda qisqa narsalarni o‘qish ko‘nikmasi paydo bo‘lyapti, undan ortig‘iga toqati yo‘q. Bu — juda ham ayanchli.

— Qaysi ijodkorning kutubxonasi yoki qay kutubxonaga havas qilgansiz?

— Birinchi marta ustozimiz, katta adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinovning kutubxonasiga havas qilganman, juda mashhur kutubxonalardan biri edi. Asqad Muxtorning ham kutubxonasi havas qilarli darajada bo‘lgan. Avallari davlat tomonidan yozuvchi, shoirlar uchun uylar qurilayotgan vaqtda kutubxona, ijodxona ham alohida hisobga olingan. Ustozlarning deyarli hammasining uyida kutubxonasi bo‘lgan, oldin bu narsaga juda e’tibor berilgan. Biz ularning kutubxonalarini ko‘rib, o‘rganganmiz.

— Kitoblaringiz qanday tartiblangan, kartotekasini yuritasizmi?

— Ko‘rib turganingizdek, kitob javondagi kitoblar mavzusiga qarab, turli bo‘limlarga ajratilgan. Masalan, Temur va temuriylarga oid kitoblar bo‘limi, Alisher Navoiyga taalluqli asarlar, jahon adabiyoti, she’riyat, o‘zimning asarlarim ham alohida-alohida bo‘limlarda turadi. Bu esa kerakli kitobni tez va oson topishimda juda asqotadi. Quroni Karim va u bilan bog‘liq kitoblar ham alohida qismda saqlanadi. Qur’onda sirli ishoralar, siz anglamagan hikmatlar yashirin, hamma birdaniga tushunib ketmaydi, bunda tasfirlarning o‘rni juda katta. Qur’onni tushuntirib beradigan tafsirlar o‘zimizda ham ancha ko‘paydi. 1990-yillar boshida O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Shayx Alouddin Mansur Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha izohli tarjimasini tayyorlashdek ulkan vazifani sharaf bilan ado etdi. Hatto o‘sha tarjimada mening ham ozgina hissam bor. Tarjima jarayonini tezlashtirish uchun men, Shavkat Rahmon va bir qancha ziyolilar navbat bilan borib, kotiblik qilardik. Shayx Alouddin Mansur o‘qib ketardi, biz bexato yozib, qog‘ozga tushirardik. Shu ishga ignani uchichalik hissa qo‘shganim sababli ichimda doim mamnunlikni his qilaman.

kitob, kitobxonlik, kutubxona loyihasi, mutolaa, хuршид davrон

— Kutubxonangizda ko‘proq qanday kitoblarni uchratish mumkin?

— Bu yerdagi kitoblarning anchasi lug‘atlardan iborat. Chunki tarixga qiziqqanim, doim tarixni o‘rganishga intilganim tufayli lug‘atlardan ko‘p foydalanaman. Bir so‘zni tushunmay qolsam, mohiyatini anglolmasam yoki unda qanday ma’no yuklanganini bilishni istasam, o‘sha zahoti “G‘iyos ul-lug‘at”, “Charog‘i hidoyat”, Navoiy bobomiz asarlariga oid va o‘zimizning izohli lug‘atlarni titkilayman. Kutubxonamda eng noyob lug‘atlar bor, ularni har doim yig‘ishga harakat qilaman.

Lug‘at bu — sir, siz ma’nosini bilmagan ko‘p so‘zlar mohiyatini ochib beradi. Lug‘atlar bizga azaliy va asl ma’nolarni, Navoiy boboni anglashga xizmat qiladi. Tarixni yozmoqchi bo‘lgan, ilm qilaman, degan odam lug‘atlarni juda yaxshi bilishi, ulardan foydalanishi zarur. Sharq mamlakatlarining ba’zilarida yuzlab yo‘nalishlardagi lug‘atlar mavjud. Ammo bugun bizda lug‘at deyilsa, turkcha-o‘zbekcha, ruscha-o‘zbekcha so‘zlar tarjimasini tushunadiganlar safi keng. Haqiqiy lug‘atlar tarixiy terminlar ma’nosini beradi. Shu sababli ham lug‘atlarni yaxshi ko‘raman. Shuningdek, kutubxonamda she’riyat, butun dunyo nasriy adabiyotiga oid ko‘plab kitoblarni ham uchratish mumkin. Adabiyotdagi uzoq yillik do‘stlarim, safdoshlarimning kitoblari, hali o‘zimning kitoblarim chiqmagan paytda o‘z asarlariga imzo va tilaklarini yozib bergan ijodkor akalarimiz, ustozlarimizning ham kitoblari bor. Ularning barchasi men uchun aziz.

— “Xurshid Davron kutubxonasi” (kh-davron.uz) sayti ancha ommalashgan. Uni nima maqsadda ochgansiz va yillar davomida o‘zini oqladimi?

— O‘zbekistonda internet tizimi birinchilardan bo‘lib televideniyega kirib kelgan, o‘shanda telekanalda ishlardim. U paytda nazorat juda qattiq edi, u sayta kirmanglar, buni ko‘rmanglar, degan taqiqlar bo‘lardi. Men esa kirmang, ko‘rmang, degan joylarga qiziqib kirardim (kuladi). Bu saytni ham o‘zbek adabiyotini, ham yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni yosh shoirlarga minbar berish maqsadida ochganman. Bundan avval “Turkiston kutubxonasi” saytini tashkil qilganman, u ham ancha mashhur bo‘lgan edi. Ammo ikkisini teng olib ketishga ulgurmaganim sababli bittasini sotib yuborganmiz. O‘sha paytlarda adabiyotga oid ikkita sayt bor edi xolos: kh-davron.uz va ziyouz.uz. Biz o‘zaro muloqot qilib, uchrashib turardik.

Saytga tashrif buyuruvchilar soni mavsumga qarab o‘zgarib boradi. Masalan, barcha OAVda bo‘lgani kabi yozda saytdan foydalanuvchilar kamayadi, ulug‘ shoir va yozuvchilar, muhim sanalar arafasida esa saytdan ma’lumot qidiruvchilar soni ortadi. “Xurshid Davron kutubxonasi” saytidan ko‘proq maktab o‘quvchilari va o‘iqtuvchilari hamda mamlakatdagi kutubxonachilar foydalanadi. Shanba, yakshanbadan tashqari, boshqa kunlari sutkasiga 7 ming nafargacha odam tashrif buyuradi. Bu albatta, meni quvontiradi.

kitob, kitobxonlik, kutubxona loyihasi, mutolaa, хuршид davrон

— O‘zbekistonda jamoat, xalq kutubxonalari karrasiga kamayib ketgan. Nega bunday bo‘ldi, qanday qilib vaziyatni o‘nglash mumkin, o‘zi kerakmi shunday kutubxonalar?

— Mamlakatning kitobga bo‘lgan munosabatini chiqayotgan kitoblar soniga qarab emas, mamlakatda mavjud kutubxonalar va ularning a’zolarini soniga qarab belgilash kerak. “Yoshlar” telekanalida bosh direktor bo‘lib ishlagan davrimda televideniye kutubxonasiga borib, “Yoshlar”dan kimlar kitobga kelayotgani, kimlar kelmayotganini so‘rardim. Katta avlod vakillari deyarli kutubxonadan chiqmasdi, lekin yoshlarning hammasi ham u yerga borishni odatga aylantirmagan edi. Jamoa yig‘ilishida “Kim kutubxonaga qatnamasa, ko‘rsatuvini to‘xtaman”, deganman. Chunki televideniye vakili qancha ko‘p kitob o‘qisa, ko‘rsatuviga shuncha ijobiy ta’siri bo‘ladi.

Yuqorida aytganimdek, dastlab maktabimizdagi, keyinchalik, kolxoz va qishloq fuqarolar yig‘ini kutubxonalariga qatnab, ko‘p kitob o‘qiganman. Ular shunchaki emas, balki odamlar oqib boradigan va kitoblari talashib o‘qiladigan kutubxonalar edi. Ammo orada juda ko‘p ahmoqona ishlar bo‘ldi. Mustaqillikdan keyin bir, ikkita ahmoq o‘z tashabbusini ilgari surdi. Birinchisi, “rus tilidagi kitoblarni chiqarib tashlanglar”, degan topshiriq edi. Kitobni rus tilisi, o‘zbek tilisi bo‘lmaydi, u kitob, bilim bo‘ladi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining skverdagi kutubxonasida 1920-yildan buyon saqlanib kelinayotgan kitoblarning aksariyati Do‘rmondagi bog‘ga yuk mashinasida olib borilib, to‘kib tashlangan paytlar ham bo‘ldi. Ayrim kitobxonlar ular ichidan o‘ziga yoqqanlarini terib oldi, qolgan kitoblar esa chirib ketdi. O‘zbekistonning barcha hududlaridagi ruscha kitoblar chiqindixonaga tashlandi. O‘shanda Lelin, Stalin, Maksning kitoblariga qo‘shib, rus tilidagi boshqa kitoblarni ham tashlab yuborish ishlari ommalashdi. Bunaqa ishlarni shoshilmasdan, xotirjam amalga oshirish kerak edi, xullas, o‘shanda jamoat kutubxonalari tugatildi.

— Odamlar orasida kitob narxi qimmatligi, shu sababli xarid qilmasligini ta’kidlaydiganlar ham talaygina. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

— Haqiqatan hozir kitob narxi qimmat, lekin bunga nashriyotlar aybdor emas. Ijodni endi boshlagan davrimizda kitoblar kamida 5 ming nusxada chop etilardi. Masalan, mening kitoblarim 60 ming nusxagacha chiqqan. U davrda arzon bo‘lganligi tufayli Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning kitoblari 300 ming nusxagacha, jurnallar bir million adadgacha chiqardi. Nashriyot chiqargan kitoblar sotilsa, keyin u boy bo‘ladi. Ko‘p nashriyotlar hozir 500 ta, ming dona kitob chiqaradi. Davlat katta yozuvchilarga yordam bera olmasa ham bolalar uchun chiqadigan kitoblarga subsidiya ajratishi zarur. Ota-ona farzandiga kitobni bemalol sotib olishi, narxi xamyonbop bo‘lishi kerak.

kitob, kitobxonlik, kutubxona loyihasi, mutolaa, хuршид davrон

— Kutubxonaningizning kelajagi qanday bo‘ladi — keyinchalik uni ochiq bir kutubxonaga aylantirasizmi yo kattaroq kutubxona fondiga topshirasizmi yoki oilaviy yopiq xazina bo‘lib qoladimi?

— Bu haqda avval ham o‘ylaganman. Akam O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor, uzoq yillar Samarqand viloyati va shahrining bosh me’mori bo‘lib ishlagan, uning kartinalari, o‘zimning va ajdodlarimizdan qolgan kitoblar hamda boshqa narsalarni ota hovlimizda yig‘ib, nimadir qilish fikri tug‘ilgan. Bu bo‘yicha bir, ikkita o‘y bor, ammo hali oxirigacha pishmagan.

Oldin eski kitoblar sotiladigan joylarga ko‘p borardim. Kitoblarning ko‘pida shaxsiy kutubxona muhri yoki esdalik fikrlar yozilganini ko‘rardim. Keyin birdan tushunardimki, bir katta olim vafot etgan, uning farzandlariga kitoblari kerak emas va ular bukinistlarga olib kelib sotgan. Ba’zan shunday holatlar ham kuzatiladi — kitobxon o‘z bolasiga kitobga qiziqishni, tarbiyani bermagan bo‘ladi yoki farzandi boshqa millat ta’siri tufayli o‘zbekcha va boshqa tillardagi kitoblarni sotib yuboradi. Kitoblarimning taqdirini reja qilganda, mana shu kabi holatlarni ham o‘ylayman.

Kitoblarni undan foydalanadigan, o‘qiydigan va qadriga yetadigan odamlarga yoki kitobxonlar ko‘p boradigan joylarga berish kerak. Kutubxonam masalasini akam bilan maslahatlashib yuribmiz, hali aniq bir qarorga kelganimiz yo‘q.

Video