Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 110 gektar maydonda yangi turar joy massivi quriladi. Bu haqda payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev va Marg‘ilon shahri jamoatchiligi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda so‘z bordi.

“Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar quryapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik instituti, 4 ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar xiyoboni, savdo majmualarini joylashtirish ko‘zda tutilgan. Yashil hududlarga alohida e’tibor qaratiladi — bu yerda park quriladi.

марғилон, шавкат мирзиёев

“Bugun borib ko‘rdik, Farg‘onada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti bo‘lishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta bo‘lib, mahallalar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lishiga ko‘mak berishingizni istardim”, — dedi prezident.

Davlat rahbari massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Farg‘ona viloyatiga safari doirasida Qo‘qon shahri va Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ham bo‘ldi.