O‘zbekiston Allianz Pension Ranking 2023 pensiya reytingida oxirgi o‘rinlardan birini (75 mamlakat ichida 71-o‘rin) egalladi. Taqqoslash uchun: Qozog‘iston 34-o‘rinda, Rossiya — 37, Turkiya — 59-o‘rinda. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi mamlakatning pensiya ta’minoti tizimini yaxshilashga nimalar to‘sqinlik qilayotganini o‘rganib chiqdi.

Allianz reytingi uchta sub-indeksga asoslanadi: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholanadi, bunda 1 eng yuqori bahodir. O‘zbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan (bazaviy sharoitlar bo‘yicha 4,4, barqarorlik bo‘yicha 3,6 va monandlik bo‘yicha 5,3).

O‘zbekistonda pensiya badallari darajasi boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori — 12−25 foiz. Biroq to‘lovlarning yalpi koeffitsiyenti o‘rtacha (55 foiz). Ushbu ko‘rsatkich ishchining o‘rtacha ish haqiga nisbatan olingan o‘rtacha pensiyani ko‘rsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan ko‘p mablag‘ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanini anglatadi.

O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqori bo‘lgani sababli pensiya ta’minoti tizimining qamrovi past — 38 foiz. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.

Mamlakat pensiya tizimi majburiy badallar bo‘yicha belgilangan to‘lov tizimidan iborat. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, u borgan sari davlat budjetidan ko‘proq moliyalashtirilmoqda.

So‘nggi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 baravarga oshgan bo‘lsa, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020-yildan pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.

2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘m (jami xarajatning 24,7 foizi) tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 15 trl so‘m (29 foiz) ko‘zda tutilgan. 2030-yilda transfert miqdori 38 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, to‘lovlar o‘rnatilgan tizim — bu fuqaroning belgilangan pensiya olishi kafolatlangan pensiya tizimi. Pensiya miqdori badallar miqdoriga, pensiya yoshiga va ish stajiga qarab o‘zgarishi mumkin, ammo uni belgilashning qat’iy qoidalari mavjud. Biroq, olingan pensiya miqdori odatda badallarga bog‘liq emas, chunki badallar odatda umumiy pensiya jamg‘armasiga birlashtiriladi.

O‘zbekistonning davlat pensiya ta’minoti tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish mumkin. Biroq aksariyat mamlakatlarda mazkur komponent kasbiy pensiya dasturlari yoki shaxsiy jamg‘arish dasturlari bilan to‘ldiriladi. O‘zbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Mavjud bo‘lgan yagona individual jamg‘arish dasturi majburiy bo‘lib, badallar stavkasi past bo‘lgani (oylik ish haqining 0,1 foizi) va cheklovchi qoidalari ko‘p bo‘lgani bois katta ahamiyat kasb etmaydi.

Ushbu mablag‘larga har yili inflyatsiya miqdorida foiz daromadlari (2021-yilda 10 foiz, 2022-yilda 12,4 foiz, 2023-yilda 8,8 foiz) hisoblansa-da, fuqarolar o‘z jamg‘armalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yo‘naltirish huquqiga ega emas.

Daniya va Niderlandiya yuqoridagi va boshqa reytinglarda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Ularning pensiya tizimlari kuchli professional komponentga asoslangan. Masalan, Niderlandiyada davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan bazaviy belgilangan stavkali davlat pensiyasi mavjud. U sanoat shartnomalari bilan bog‘langan majburiy pensiya rejasi bilan birlashtirilgan. Ushbu pensiya rejasi daromad bilan bog‘liq va belgilangan imtiyozlarga ega, ammo kapital moliyalashtirishga asoslangan. Ish joyini o‘zgartirganda pensiya huquqlari to‘liq o‘tkaziladi.

Pensiya tizimiga umumiy badal stavkasi 18 foizni tashkil qiladi. Qamrov koeffitsiyenti 100 foizni, yalpi koeffitsiyent to‘lovlari — kasbiy komponent hisobga olinmaganda va Niderlandiya aholining keksayishiga qaramasdan davlat komponenti uchun 69 foizni tashkil etadi. Pensiya yoshi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining o‘zgarishiga qarab belgilab boriladi.

Mazkur tizimning tarixiy ildizlari uni O‘zbekistonda bevosita qo‘llashni qiyinlashtiradi. Biroq belgilangan davlat pensiya tizimlari Germaniya va Shveysariyadagi kabi kasbiy va shaxsiy jamg‘arma sxemalari bilan birlashtirish imkoniyati mavjud. Bunday holda, kasbiy komponent ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan belgilangan badallar bo‘yicha pensiya rejasi yoki sanoat shartnomalaridan iborat bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida: belgilangan badalga ega pensiya tizimi — bu shunday pensiya tizimiki, unda fuqaro har oy qancha badal to‘lashini bilsada, pensiya sifatida qancha olishini bilmaydi. Pensiya miqdori shaxsiy hisoblarni boshqaradigan pensiya jamg‘armasining bozor ko‘rsatkichlariga bog‘liq.

Bundan tashqari, ixtiyoriy ravishda xususiy banklar va sug‘urta kompaniyalarining pensiya rejalariga badallar kiritish mumkin. Germaniyada pensiya tizimi uchun umumiy badal stavkasi 18,6 foizni, qamrov darajasi esa 82 foizni tashkil qiladi. Allianz reytingida Germaniya pensiya tizimining monandlik balli 2,8 ni tashkil qiladi.

Bu kombinatsiya xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ham mos keladi. Masalan, Jahon banki ko‘p pog‘onali pensiya tizimi uchun quyidagi yondashuvni tavsiya qiladi:

  1. Davlat budjeti hisobidan bazaviy pensiya;
  2. to‘lovlar miqdori belgilangan majburiy davlat pensiya ta’minoti tizimi;
  3. moliyaviy aktivlarga ega bo‘lgan kasbiy yoki shaxsiy pensiya rejalarida majburiy belgilangan badallar sxemasi;
  4. bir qator moliyaviy va nomoliyaviy aktivlardan va qo‘llab-quvvatlashdan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan ixtiyoriy tizim.

Birinchi variantdan boshqa barcha pensiyalar o‘z-o‘zidan moliyalashtirilishi kerak, ya’ni individual ishtirokchilar va ish beruvchilarning badallari hisobidan to‘lanishi kerak.

Tavsiyalar

O‘zbekiston pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagilar taklif etilmoqda:

  • Xalq bankidagi amaldagi majburiy pensiya jamg‘arma hisobvaraqlari tizimini ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga o‘tkazilishini ta’minlash;
  • yirik ish beruvchilarga kasbiy pensiya ta’minoti tizimini joriy etishga ruxsat berish, ularni moliya institutlari bilan hamkorlik uchun bog‘lash;
  • o‘zini o‘zi band qilganlar tomonidan davlat pensiya jamg‘armasiga kiritiladigan badallar miqdorini bir martalik qat’iy belgilangan miqdor o‘rniga daromadlariga bog‘liq qilib belgilash. Ularga oz miqdorda badal kiritishga ruxsat berish;
  • har bir pensiya uchun ma’muriy va operatsion xarajatlarni kamaytirish uchun davlat pensiya jamg‘armasi boshqaruvini takomillashtirish. Shaffoflikni oshirish, pensiyaning aniq mezonlarini belgilash va tizimni yanada avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirish imkoniyatini beradi;
  • rasmiy bandlik darajasini, shu jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida oshirish, bu pensiya ta’minoti tizimiga badallar bazasini va aholini qamrovi darajasini oshirish imkonini beradi;

Agentlik tomonidan pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish tavsiya etiladi. Bunda pensiya tizimini keng ko‘lamli isloh qilish, shu jumladan pensiya tayinlash shartlarini qayta ko‘rib chiqish, pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta ko‘rib chiqish, ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq, deya hisoblaydi Strategik islohotlar agentligi.