Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida bir qator yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimlarida ishtirok etdi, deya xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident so‘nggi besh yilda Farg‘onada sanoat hajmi 1,3 barobarga ko‘paygani, eksport hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 722 million dollarni tashkil etganini qayd etdi. Viloyatda 6 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 110 ta va yana 1,1 mlrd dollarlik 22 ta mahalliy loyiha amalga oshirilmoqda.

“Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amri mahol edi. Bugun 6 mlrd dollarlik loyihalar haqida gapiryapmiz. Nima uchun? O‘sdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida 370 mln dollarlik yuzga yaqin loyiha bajarildi. Ular tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 1 trillion 500 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 60 mln dollarlik eksport qilindi. Unda qiymati 1 mlrd dollarlik 185 ta loyiha joylashtiriladi. Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda “O‘zbekiston — Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Hozirda Singapurning “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi mineral o‘g‘itlar zavodining yuqori samarador kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha 2-bosqichi ishga tushirilmoqda hamda 3-bosqichi boshlanmoqda. Bularning natijasida yiliga 300 ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, qo‘shimcha 50 million dollarlik eksport ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

фарғона вилояти, шавкат мирзиёев

Energetika sohasida yana to‘rtta loyiha ishga tushirildi. Xususan, Farg‘onaning Beshariq tumanida Germaniyaning Hyper Partners kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. 350 mln dollarlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning o‘zida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda to‘liq ishga tushiriladi. Unda yiliga 1 mlrd 600 mln kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi.

Xitoyning Gezhouba Group kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ilk elektr energiyasini saqlash tizimi shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini ta’minlaydi.

Farg‘ona tumanining cheka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi, Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalardir.