Termiz xalqaro aeroportida aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilishning oxirgi — uchinchi bosqichi yakunlandi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Ushbu bosqichdagi ishlar aeroport faoliyatini cheklamagan holda amalga oshirildi, uning doirasida ikkinchi (RD-A) va asosiy yurish yo‘lagi uchastkasi qurilishi yakunlandi.
Har bir yurish yo‘lagining tayanch qismi kengligi 23 m, umumiy eni esa 44 m, bu Boeing787/777, Airbus 330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarga cheklovlarsiz yurish imkonini beradi. Shuningdek, perronda uchta samolyotlar turar joylarini qurish va yoritish moslamalarini o‘rnatish ishlari yakuniga yetdi.
“Rekonstruksiya uchun material sifatida uchish-qo‘nish yo‘lagidagi kabi sement-beton ishlatilgan. Bu Surxondaryo viloyatining issiq iqlimida optimal yechim bo‘lib, uchish-qo‘nish yo‘lagi yanada mustahkam va bardoshliroq bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oxirida boshlangan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi 2022-yil dekabrida (55 kunlik tanaffusdan so‘ng) yakunlangan.
O‘shanda 4E toifali aerodrom majmuasining katta qismi, jumladan, uzunligi 3000 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va uchta samolyot turar joyi bo‘lgan perron qurilgan, shuningdek, aerodrom zamonaviy CAT-I ICAO yoritish tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qo‘nish tizimlari bilan jihozlangandi.
Aeroport terminali 2019-yilda rekonstruksiya qilingan va foydalanishga topshirilgandi.
Termiz aeroporti aerodrom majmuasini oxirgi marta rekonstruksiya qilish 1989-yilda amalga oshirilgan.