Ukraina 2024-yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentligiga saylovlar oldidan ikkinchi tinchlik sammitini o‘tkazmoqchi, deb xabar bermoqda Bloomberg nashri manbalarga tayanib. Bu safar Ukraina tomoni Rossiyani ishtirok etishga taklif qilmoqchi.

Agentlikning qayd etishicha, bunday shoshilinch qaror Donald Trampning Oq uyga qaytishi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq. Prezidentlikka bo‘lajak nomzod inauguratsiyasidan oldin ham Ukrainadagi urushni to‘xtatishini bir necha bor ta’kidlagan, shuningdek, Kiyevga davom etayotgan harbiy yordamga qarshi chiqqan.

Trampning rejasi nimadan iborat bo‘lishi mumkin?

Iyun oyi oxirida Reuters agentligi Trampning maslahatchilari unga Ukraina va Rossiya muzokaralarni boshlashga majbur bo‘lishi, Kiyevni qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish, Moskva esa ularni ko‘paytirish bilan tahdid qilish rejasini taqdim etganini yozgandi. Tramp rejaga ijobiy javob bergan, deydi maslahatchilar. Muzokaralar vaqtida sulh amaldagi chiziqlar bo‘ylab bo‘ladi.

Politico, shuningdek, Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yon bermoqchi ekani, Kiyevni o‘z hududlarining bir qismini Moskvaga berishga va NATOning sharqqa kengayishidan voz kechishga majburlashini yozgan.

Bloomberg`ning G‘arb mamlakatlaridagi diplomatik manbalarining ta’kidlashicha, har qanday sammit “aniq maqsad” va “natijaning aniq kutilmalari”ga ega bo‘lgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, ba’zi amerikalik rasmiylar Rossiya ishtirokidagi bunday tadbir yaqin kelajakda o‘tkazilishi mumkinligiga shubha bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yangi tinchlik sammitida ishtirok etishdan bosh tortib ulgurdi. Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, Rossiya rasmiylari bunda “Zelenskiy formulasi”ni — mutlaqo boshi berk va ultimativ bo‘lgan avvalgi ritorikani eshitmoqda, shuningdek, “Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha boshqa tashabbuslarga ataylab e’tibor bermaslik”ni ko‘rmoqda.

  • 15−16-iyun kunlari Shveysariyada Ukraina bo‘yicha birinchi tinchlik sammiti Rossiya ishtirokisiz bo‘lib o‘tdi. Unda 90 dan ortiq davlat va sakkizta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Rossiyaning asosiy hamkori Xitoy tadbirda ishtirok etishdan bosh tortdi.
  • Sammitda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan “tinchlik formulasi”ning 10 bandidan uchtasi: yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, barcha harbiy asirlarni almashish va deportatsiya qilingan ukrainalik bolalarni qaytarish masalalari muhokama qilindi.