11-iyul kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligida joriy etilgan T-916 zonali navigatsiya marshrutining yangi bo‘limlari samolyotlar parvozi uchun foydalanishga topshirildi. Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi yangi yo‘nalishning birinchi foydalanuvchisi bo‘ldi, deb xabar berdi Transport vazirligi.

Yangi yo‘nalish parvozlar masofasini 40 kilometrga qisqartiradi. Bu har kungi reyslar davomida yiliga 30 tonnadan 50 tonnagacha aviayoqilg‘ini tejash imkonini beradi, ta’kidladi vazirlik. Shuningdek, kislorod sarfi 50−70 tonnaga, atmosferaga zararli dioksid chiqindilari yiliga 220−250 tonnaga kamayadi.

Xabarda aytilishicha, “O‘zaeronavigatsiya” va “Qozaeronavigatsiya” markazlari o‘rtasida havo yo‘nalishlarining yangi uchastkalarini joriy etish bo‘yicha faol hamkorlik boshlangan.

Bu aviakompaniyalarning eng samarali va qisqa yo‘nalishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, jumladan, qo‘shni havo hududlari konstruksiyalari elementlarini optimallashtirish, shuningdek, havo harakatiga xizmat ko‘rsatish dispetcherlarining ish hajmini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda, deya tushuntirdi tashkilot.

Prognozlarga ko‘ra, kuniga 30 dan ortiq aviakompaniya yangi optimallashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, “O‘zaeronavigatsiya” markazi qo‘shni davlatlar provayderlari bilan hamkorlikda yangi HHTE yo‘nalishlarini joriy etish ishlarini davom ettiradi.