Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Andijon biokimyo zavodi ustav kapitalidagi 96 foiz davlat aksiyalar paketi 101,3 mlrd so‘mga Jasminye Gold Group MCHJga sotildi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Ushbu jarayonga Abrau capital kompaniyasixususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb etildi.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilda Andijon biokimyo zavodi tomonidan 1 mln dal spirt ishlab chiqarilgan bo‘lib, sof foydasi 10,1 mlrd so‘mni, sof aktivlari 71,5 mlrd so‘mni va jami majburiyatlari 17,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Jasminye Gold Group saytida yozilishicha, korxona artemiya (bo‘g‘imoyoqlilar turkumiga kiruvchi qisqichbaqasimonlar turi — tahr.) sistalarini Orol dengizi suvlarida yig‘ib olish va qayta ishlash bilan faoliyat ko‘rsatadi.