Respublika hududlaridagi bir qator paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlari “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzgan holda, 20 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olgani aniqlandi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.

Raqobat qo‘mitasi 2024-yil 1-yarimyilligi davomida yuqori likvidli hamda monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlarda kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borgan. Natijada, qo‘mita so‘zlariga ko‘ra, birja savdolarida narxlar sun’iy oshishining oldini olish bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan.

Respublikaning 11 ta hududidagi 40 ga yaqin paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlarida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar bilan bog‘liq quyidagi holatlar aniqlangan:

  • mahsulotni o‘z muddatida birjaga qo‘ymaslik yoki uni kam yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yish;
  • jadvallarni belgilangan muddatda birja saytiga joylashtirmaslik;
  • forvard shartnomasi bo‘yicha mahsulotni bir oydan kam bo‘lgan muddatda yuklab jo‘natish;
  • shartnomalarga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish;
  • birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar.

“Ushbu omillar oziq-ovqat va trikotaj mahsulotlarining narxlariga bevosita yoki bilvosita ta’sir qilib, ularning iste’mol bozorlarida narxi oshishiga olib kelishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holatlar bo‘yicha qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha klasterlarga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, javobgarliklar belgilash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar berilgan. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda, deya qo‘shimcha qildi tashkilot.