Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markazi qo‘mitaning Buxoro viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan. Unda elektr tarmoqlari amalda belgilangan tarifga nisbatan qo‘shimcha to‘lov hisoblanayotganidan norozi bo‘lingan va ushbu masalada amaliy yordam so‘ralgan.

Boshqarma olib borgan o‘rganishlar jarayonida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan yodgorlik majmuasi markaziga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun yuritilgan hisob-kitoblarda amalda belgilangan tariflarni oshirib qo‘llash aniqlangan.

Oqibatda majmuaga nisbatan 115 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblangan.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hududidagi diniy tashkilotlar 2003-yil 1-sentabrdan boshlab ularga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlarga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘laydi.

Avvalroq internetda iste’molchilarning elektr hisoblagichlar ishlatilgan elektr energiyasini oshirib ko‘rsatayotgani yoki ijtimoiy me’yor doirasida noto‘g‘ri to‘lovlar olayotgani haqidagi shikoyatlari tarqalgandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan ana shunday muammolarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan.