Rossiyada ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, respublikaning mas’ul tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva boshchiligida Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida bo‘ldi.

U yerda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 10 dan ortiq xotin-qizning mamlakatga qaytishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

“Ushbu davlatning vakolatli tashkilotlari vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida saqlanayotgan, ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi”, — deyiladi xabarda.

Bolalarning biri O‘zbekistonga birinchi marta kelganini aytsa, yana bir 5-sinfgacha O‘zbekistonda o‘qigani, so‘ng Rossiyaga onasi bilan ko‘chib ketganini, o‘zini endilikdan xavotirsiz his qilayotganini ta’kidladi.

Hozirda bolalar tegishli markazga joylashtirilgan va keyinroq ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi, deya qo‘shimcha qilindi agentlik xabarida.

Shu yilning aprel oyida ham ota-onalari bo‘lmagan va yordamga muhtoj jami 17 nafar bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilovchi tuzatishlar aks etgan qonunni imzolagandi.

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish BHMning 10 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.