Siyosat
Qonunchilik palatasi vitse-spikerlaridan biri o‘lim jazosini yoqladi, boshqa biri — qarshi
Qonunchilik palatasining ikki vitse-spikeri o‘lim jazosini qaytarish bo‘yicha turli fikrlarni bildirdi. Alisher Qodirov Toshkentda bolaning o‘ldirilishiga oid xabardan so‘ng bunday qotillar “yashamasligi kerak”, dedi. Odiljon Tojiyev esa o‘lim jazosi jinoyatni kamaytirmasligini ta’kidladi.
Kambag‘allikni qisqartirish Ijtimoiy himoya agentligi zimmasida bo‘ladi
Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya masalasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga yuklanadi, dedi prezident. Hozir kambag‘allik masalalari bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi shug‘ullanadi, oldin bunga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi javob bergan.
Iqtisodiyot
Andijon biokimyo zavodi 101,3 mlrd so‘mga xususiylashtirildi
Andijon biokimyo zavodi ustav kapitalidagi 96 foiz davlat aksiyalar paketi 101,3 mlrd so‘mga Jasminye Gold Group’ga sotildi.
Iyunda yengil avtomobillar savdosi 2021-yil oxiridan beri eng past darajaga tushdi
Iyun oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda 77,6 mingta yengil avtomobil oldi-sotdisi ro‘yxatga olindi, bu 2021-yil dekabridan beri eng past ko‘rsatkichdir. Eng yuqori pasayish minilgan avtomobillarga to‘g‘ri keldi.
Farg‘ona viloyatida rahbarlar har kuni 5 nafar tadbirkorni qabul qiladi
Farg‘ona viloyatida rahbarlarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi, dedi prezident Quvadagi yig‘ilishda. Viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, 19 ta tuman va shahar hokimlari har kuni 5 nafar tadbirkor va investorni qabul qilib, ularning muammolarini hal etadi.
O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi tashqi auditdan o‘tkaziladi
O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi tashqi auditdan o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlanadi. Shuningdek, 2025-yildan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Raqobat qo‘mitasi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari"ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Korxona “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi markazi uchun elektr energiya tariflarini oshirib qo‘llagan. Buning oqibatida 115 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lov hisoblangan.
Uy-joy bozoridagi faollik pasayib, narxlar o‘sishi sekinlasha boshladi
Yil boshidan buyon O‘zbekiston uy-joy bozorida savdolar soni 5,7 foizga kamaydi. Narxlarning o‘sish sur’ati sekinlasha boshladi va o‘tgan oyda atigi 0,3 foizga oshdi, Toshkentda esa har kvadrat metr uchun 1142 dollargacha — 1,1 foizga pasaydi.
To‘qimachilik va yog‘ klasterlari narxlarni sun’iy oshirib, 20 mlrd so‘m asossiz daromad olgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi 40 ga yaqin paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlari tomonidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning narxlari sun’iy oshirilganini aniqladi. Ular mahsulotlarni birjaga joylashtirish qoidalarini buzib, 20 mlrd so‘m asossiz daromad olgan. Klasterlarga nisbatan ish ochildi.
Jamiyat
Dam olish kunlari harorat pasayishi kutilmoqda
Dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yidan nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat +30…+35 darajagacha pasayadi. Ayrim joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning 6 ta viloyatiga sel kelishi mumkin
O‘zbekistonning oltita viloyatidagi tog‘li joylarda 13−16-iyul kunlari sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida hududlarni suv bosishi ehtimoli bor.
O‘zbekistonning ekologik barqaror shaharlari reytingi tuzildi
Iqlim o‘zgarishi milliy markazi O‘zbekistondagi 14 ta hududning ekologik barqarorligi reytingini tuzdi. Bunda 7 ta jihat: havo sifati, yerdan foydalanish, suv iste’moli, transport, energiya, chiqindilar va sanitariya mezon sifatida olindi. Namangan shahri yetakchi bo‘ldi, Nurafshon esa ro‘yxatni yakunladi.
Rossiyada qarovsiz qolgan 7 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyada qarovsiz yoki ota-onasi nazoratisiz qolib ketgan, Voyaga yetmaganlar markazlarida yashayotgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Endi ular ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.
Foto: “O‘zbekkosmos” dalalarda somonlarning noqonuniy yoqib yuborilgani suratlarini e’lon qildi
“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan yil boshidan buyon 23 273 gektarlik boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida somon poyalari va ularning qoldiqlari yonishi bilan bog‘liq 1960 ta holat aniqlangan.
Chirchiqda Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali ochiladi
Chirchiq shahrida Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali tashkil etiladi. Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan so‘ng ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.
O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida elektr energiyasi hisobi yuritiladi
2024-yil yakuniga qadar elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish yo‘lga qo‘yiladi. HET mas’uliga ko‘ra, fuqarolar yashashi uchun alohida, elektromobili uchun alohida tok ishlatishni xohlaydi. “Hozirda hisob ochishda Toshkent va Samarqand shaharlarida muammoga uchrayapmiz”, — dedi u.
Madaniyat
Dam olish kunlari Toshkentda qayerlarga borish mumkin? (13−14-iyul)
Yettita kinopremyera, qo’l mehnati buyumlari yarmarkasi, Tashkent City bog’idagi “Live Jazz Night” konserti, ko’rgazmalar, bolalar va kattalar uchun mahorat darslari, “Soy bo‘yi” sayilgohida bepul shou dastur va dam olish kunlaridagi boshqa qiziqarli tadbirlar — Afisha.uz jamlanmasida.
Jahon
BMT Bosh assambleyasi Rossiyadan Zaporoje AESdan qo‘shinlarini olib chiqishni talab qildi
BMT Bosh assambleyasi Ukraina atom inshootlari xavfsizligi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Unda Rossiyadan Zaporoje AESdan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqib ketish va uni to‘liq Ukraina hukumati nazoratiga qaytarish talab etiladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!