O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining ikki o‘rinbosari og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qaytarish bo‘yicha qarama-qarshi fikrlar bildirdi. Ularning bayonotlari Toshkentda bir erkak o‘zi bilan birga yashovchi ayolning 3 yoshli bolasini o‘ldirgani haqidagi xabardan keyin yangradi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov “Murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak”, — deb yozdi.
U bir yigit 20 marta pichoqlangan yana bir voqeani esladi. Sud 25 yoshli qotilni 17 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
“25 yoshli bu maxluq qamoqdan 42 yoshida jamiyatga kim bo‘lib qaytadi? Hayvonlashib ketgan jinoyatchining soliqlarimiz hisobiga sog‘lig‘ini saqlab, qornini to‘ydirib, boshqa inson bo‘lib qolishini kutib o‘tirish mantiqsiz!” — dedi deputat.
“Bundaylardan jamiyatni tozalash kerak! Bolalar va begunoh aholi qirg‘iniga yuzsizlarcha ko‘z yumib, dunyoga insonparvarlikdan dars berayotganlarning insonqarashiga moslashishga majburmizmi?” — deya so‘radi u.
Partiya rahbari, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etgan “maxluqlar” kelajakdagi “pro-maxluqlar”ga o‘rnak bo‘ladi, degan fikrni ham bildirdi.
Spikerning Qonunchilik palatasida axborot faoliyatini muvofiqlashtirish va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Odiljon Tojiyev bu fikrga qo‘shilmasligini bildirdi.
Uning fikricha, go‘dakning umriga zomin bo‘lgan kimsalarning yashashga haqqi yo‘q, deya bildirilgan iddao “o‘lim jazosini tiklash kerak” degandek gap.
“Bir qarashda adolatli va maqbul yechimdek ko‘rinadigan ushbu taklifga mutlaqo qo‘shilmayman”, — dedi u.
Birinchidan, o‘lim jazosi ehtimoliy noxolis o‘tkazilgan tergov yoki noto‘g‘ri chiqarilgan hukm ta’sirida jazolangan begunoh insonning hayoti butunlay yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin, dedi deputat.
“Tarix — tirik guvoh. Sud qarori qanchalik adolatli ko‘rinmasin, yillar o‘tib jinoyatchi aslida umuman boshqa shaxs bo‘lganli aniqlangan keyslar juda ko‘p”, — deb yozadi vitse-spiker.
Ikkinchidan, o‘lim jazosi jinoyatchilik darajasiga ta’sir ko‘rsatmaydi, deydi u.
Jinoyatlardan tiyib turadigan samarali vositalardan biri jazoning shafqatsizligida emas, muqarrarligida namoyon bo‘ladi, — deydi Odiljon Tojiyev.
“Qolaversa, o‘zga bir insonning umriga nuqta qo‘yishga sababchi bo‘lgan qotilga o‘lim jazosini bersak, o‘sha vahshiy kimsadan farqimiz qolmaydi”, — deb yozdi u.
“Davlat o‘zi bermagan hayotni olishga haqqi yo‘q, deb o‘ylayman. Yashash — tabiiy huquq!” — degan deputat o‘lim jazosini tiklash kerak deganlarga Konstitutsiya kitobini sovg‘a qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.