Samarqand tumanida 12-iyul kuni Matiz avtomobilida yong‘in chiqdi, deb xabar bermoqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Holat soat 16:28 da Yangi ariq mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Harakatlanib ketayotgan Matiz mashinasida qisqa tutashuv tufayli yong‘in kelib chiqqan. Xabarga ilova qilingan suratdan hodisada mashina butunlay yonib ketganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz`ning yozishicha, yong‘in yo‘l yoqasidagi g‘alladan bo‘shagan yer maydoniga ham o‘tgan.

Voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 16:37 da yetib borgan, holat soat 17:18 da bartaraf etilgan.

Hodisa oqibatida jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, dedi YHXB. Hozirda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.