Farg‘ona viloyatida hududiy rahbarlarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni Quvada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Viloyat hokimi va uning barcha o‘rinbosarlari, shuningdek, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari har kuni besh nafar tadbirkor va xorijiy investorlarni qabul qilib, ularning muammolarini hal etishi kerakligi ta’kidlandi.

Ular, shunindek, har hafta televideniye, radio orqali aholi va tadbirkorlarga bo‘layotgan o‘zgarishlarni aytib borishi kerak.

Yil yakunida ularning faoliyati sarhisob qilinib, tegishli chora ko‘riladi, dedi davlat rahbari.

Viloyat kengashi deputatlari ham komissiya tuzib, har bir raqamni nazoratga olishi muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati oxirgi yetti yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi bo‘yicha mamlakatda oxirgi o‘rinda ekani ta’kidlandi.

Bir qator korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygan, ayrimlari faoliyatini to‘xtatgan, ayrimlari ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar faoliyat ko‘rsatmayapti, boshqalarida aylanma va ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q, bu esa yashirin faoliyatdan dalolat beradi.

Prezident bu holatlarning barchasini o‘rganib, tadbirkorlarning “soyadan” chiqishiga ko‘maklashishni topshirdi.