Prezidentning yangi farmoni bilan 14 ta hudud (viloyatlar, Toshkent, Qoraqalpog‘iston) rahbariyati tuzilmasida ichki audit xizmatlari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, Hisob palatasiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tizimini joriy etishga, shuningdek, uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish vakolati beriladi.

Bunda davlat moliyaviy nazorati organlari hamda ichki audit xizmatlarining yillik ish rejalariga kiritiladigan moliyaviy nazorat va ichki audit tadbirlari majburiy tartibda palata bilan kelishilishi kerak.

Shu munosabat bilan Hisob palatasida xalqaro standartlar asosida davlat auditini tashkil etish shu’basi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, endi palatada quyidagilar tashkil etiladi:

  • Mudofaa majmui va huquq-tartibot organlari xarajatlarini audit qilish shu’basi;
  • Xalqaro standartlar asosida davlat auditini tashkil etish shu’basi;
  • Tadqiqot, ekspert-tahlil va o‘quv markazi (Tadqiqot markazi).

Yangi tartibga muvofiq, davlat moliyaviy nazorati organlari hamda ichki audit xizmatlari tashkil etilgan vazirlik va idoralarga Markaziy bank va tijorat banklaridan budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘larini oluvchilarning budjet va davlat qarzi mablag‘larining harakatiga doir ma’lumotlarni markazlashgan tartibda so‘rab olish vakolati beriladi.