Dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet agentligi matbuot xizmati.

Juma kuni kechqurun Toshkent viloyatida ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +35…+38 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda +39…+42 darajagacha bo‘lishi saqlanib turadi.

Shanba kuni kechasi va ertalab Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shuningdek Ustyurt hududlari bo‘yicha qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq bo‘ladi.

Respublikaning qolgan hududlarida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 13−14-iyul kunlari +30…+35 darajagacha, janubda +36…+39 darajagacha pasayadi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 18−23 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida juma va shanbaga asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 12-iyul kuni kechqurun, shuningdek 13-iyulda kechasi va ertalab shahar bo‘yicha ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Yakshanba — 14-iyul kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 10−13 m/s gacha kuchayadi. Shanba va yakshanba kunlari +32…+34 daraja bo‘ladi.