Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari endilikda bir organ — Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasida bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining Quva shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham tizimni o‘zgartirish zarur, dedi prezident. Mamlakatda “mahalla yettiligi” faoliyati bo‘yicha tajriba to‘plangani, ularga bank-moliya instrumentlari orqali yordam berish mexanizmlari joriy etilganini ta’kidladi. Ayni paytda tizim kengaygan sari yangicha yondashuvga ehtiyoj sezilmoqda, dedi prezident.

Ehtiyojmand aholi daromad manbai bilan ta’minlanmasa, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta murojaat etadi, dedi u.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘tgan yilning yozida tashkil etilgan. Bandlik vazirligi, SSV, IIV, MMTV va boshqa tuzilmalarning tegishli bo‘limlari agentlikka o‘tgan. Agentlikning respublika bo‘ylab filiallari, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari mavjud.

Shavkat Mirziyoyev 2020-yil yanvar oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida ilk bor kambag‘allikni qisqartirishni mamlakatda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagandi.

O‘sha yilning fevral oyi oxirida bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bosh vazirning moliya-iqtisodiy masalalar va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri etib tayinlangan. Ko‘p o‘tmay, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga aylantirilgan.

2023-yil yanvar oyida mamlakatda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ish boshlagan.