Iyun oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida ikki oylik o‘sishdan so‘ng uy-joylar sotuvining sekinlashishi kuzatildi, deya xabar bermoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

Aprel-may oylarida ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi bitimlari soni 11 va 9 foizga oshdi, lekin iyun oyida ularning soni 6,4 foizga kamayib, 20,2 mingtani tashkil qildi. Yil davomida (2023-yilning iyuniga ko‘ra) sotuvlar deyarli 14 foizga pasaydi.

итим, ko‘chmas mulk, uy-joy

Faollikning tushishi mamlakat ko‘chmas mulk bozorining yalpi sekinlashganligini aks ettiradi, deya ta’kidladi ITIM.

Hududlar kesimida iyun oyida uy-joy savdosining eng katta pasayishi Sirdaryo (21 foiz), Buxoro (20 foiz) va Andijon (16 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Faollik deyarli 5 foizga oshgan Toshkentda ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda.

Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaydi. Bu pasayish, ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqardi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etdi.

Olti oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon viloyatida — 12,7 foiz, Xorazm viloyatida — 8,3 foiz va Qashqadaryo viloyatida — 6 foiz qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joy bozori

итим, ko‘chmas mulk, uy-joy

Iyunda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlari o‘sish sur’ati sekinlashdi. May oyida narx o‘sishi 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida o‘rtacha 0,3 foizga o‘sdi. Ammo 2023-yilning iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar 10 foizga ko‘tarildi.

Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1 foiz), Buxoro (17,1 foiz), Qashqadaryo (16,7 foiz) va Toshkent viloyatida (16 foiz) kuzatildi.

Toshkentda esa ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda 1,1 foizga pasaydi. Shayxontohur (0,8 foiz), Yakkasaroy (0,6 foiz) va Olmazor tumanlarida (0,3 foiz) uy joy narxlarida kichik o‘sish saqlanib qolgan.

Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

Poytaxt ijara bozori may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish tendensiyasi bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijara narxlari 1,2 foizga pasayib, bir kvadrat metr uchun 8,3 dollarni tashkil etdi.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari yuqoriligicha qolmoqda (bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollar). Nisbatan arzon ijara narxlari esa Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatilib, o‘rtacha bir kvadrat metr uchun 6,4 dollarni tashkil etadi.

Biroq yil boshidan ijara narxi 9,8 foizga, 2023-yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga pasaygan.

O‘tgan yilga nisbatan ijara narxida eng sezilarli pasayish Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa (12 foizdan yuqori pasayish), Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida narxlar pasayish sur’ati nisbatan pastroq kuzatildi — 8,3 foiz.

Avvalroq Markaziy bank 2023-yilga mo‘ljallangan ko‘chmas mulk bozori tahlilida uy-joy narxlari keskin oshishi tufayli aholining xarid qobiliyati pasayib, ko‘chmas mulkning bozor va fundamental narxlari o‘rtasidagi tafovut 24 foizga yetgani haqida xabar bergandi. Kvartiralar asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun emas, balki investitsiya obyekti sifatida ko‘proq sotib olina boshlagan.