Toshkent shahridagi avtosalon mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, jamiyat mansabdorlari 19 nafar fuqaroga avtomashina olib kelib berish haqida yolg‘on va’dalar bergan. Ulardan olingan 6 mlrd 169 mln so‘m to‘lov pulini o‘zlarining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Gap Alliance Motors MCHJ haqida bormoqda. Kun.uz nashrining yozishicha, tahririyatga mijozlardan murojaat kelib tushgan. Ular shartnoma tuzilsa ham, mashinalar vaqtida keltirib berilmagani, shuningdek, yetkazib berilgan avtoransport vositasining hujjatini to‘g‘rilab berishmaganini bildirgan.

Jumladan, murojaatchi Asilbek Boboyorov 2024-yil 19-may kuni mazkur MCHJ bilan BYD mashinasini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgani, ikki kun ichida 242,4 mln so‘m to‘lov qilgani haqida aytgan.

“Menga o‘zini avtosalon direktori deb tanishtirgan Davlat Narziyev mashinani 15 kunda keltirib berishni va’da qilgandi. Ushbu muddat o‘tgach, men mashinani so‘ray boshladim. U esa erta-indin deya aldab yurdi. 29-iyun kuni mashinam kelganini, shartnoma bo‘yicha qolgan summani to‘lab ketishim kerakligini aytdi. Avtosalonga borib, qolgan to‘lovni to‘lab keldim. Ertasi kuni mashinani evakuatorga yuklab uyimga keltirib berishdi. Lekin bugungacha mashinaning hujjatlarini to‘liq qilib bergani yo‘q”, — deydi u.

Orginfo.uz saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Alliance Motors 2021-yil 13-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, uning 100 foiz ulushi Davlatbek Narziyev Feruz o‘g‘liga tegishli.

2024-yilning mart oyida Toshkentda fuqarolardan 6,1 mlrd so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan avtosalon egalari 8−9 yilgacha qamalgandi. Ular xaridorlarni qabul qilishda GM Uzbekistan bilan shartnoma tuzgani va mashinalarni 3 oyda avtosalondan chiqarib berishini aytgan.