O‘zbekistonda bitta xonadonda yashovchi ko‘p oilalarning har biriga elektr energiyasi bo‘yicha alohida hisobraqam ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11-iyul kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

HET boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bitta xonadonda to‘rttagacha istiqomat qilayotgan oilalar ham mavjud.

“O‘zbekistonda bitta kadastrga, ya’ni bir xonadonga bitta hisobraqam beriladi. Bugungi kunda bitta kadastr ostida yashayotgan to‘rttagacha oilalar ham bor. Bunday xonadonda istiqomat qiladigan oilalar bir oyda hech qanaqasiga 200 kVt/soat elektr energiyasi ishlata olmaydi, kamida 800 kVt/soat elektr ishlatadi. Biz bu [masala] bo‘yicha ham o‘z takliflarimizni berganmiz, buning ham yechimini topishimiz kerak, hal qilinmasa bo‘lmaydi”, — dedi Alvar G‘aybullayev.

U yechim sifatida qanday taklif kiritilishi haqida aytib berdi.

“Masalan, bitta xonadonda uch yoki to‘rtta oila yashayapti. Bizning taklifimiz shundayki, o‘sha oilalarga alohida-alohida hisobraqam ochish yoki ijtimoiy soha bilan bog‘lagan holda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda yechim topib berish. Ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtojligi sababli to‘rtta oila bitta hovlida turibdi, biz ularga 200 kVt/soat emas, 800 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgani uchun katta pul hisoblayapmiz. Shu kabi holatlarga adolatli yechim topish uchun taklifimizni berganmiz: bitta oilaga bitta hisobraqam ochish kerak, ya’ni xonadon kadastri bitta va uning pastida cubiste’molchi (HET korxonasi roziligi bilan boshqa iste’molchining elektr tarmoqlariga bevosita ulangan va u bilan elektr ta’minoti yuzasidan shartnoma tuzgan iste’molchi — tahr.) sifatida alohida hisob-kitob qilish kerak. Bu masalaga baribir yechim topiladi, chunki ijtimoiy himoyaga muhtoj odamning ustiga yana [muammo yuklab bo‘lmaydi]”, — dedi HET rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, Energetika vazirligi yaqin istiqbolda elektr energiyasi uchun oylik 200 kVt soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emasligini bildirgandi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, o‘tgan iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Avvalroq 2024-yil yakuniga qadar elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandik. HET mas’uliga ko‘ra, fuqarolar yashashi uchun alohida, elektromobili uchun alohida tok ishlatishni xohlaydi. “Hozirda hisob ochishda Toshkent va Samarqand shaharlarida muammoga uchrayapmiz”, — dedi u.