Fransiya hukumati 2024-yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari munosabati bilan o‘tgan yil davomida Parijdan 5 mingga yaqin boshpanasiz migrantni chiqarib yubordi, deb yozmoqda The New York Times. Ularga boshqa joyda uy-joy va’da qilinmoqda, biroq ko‘plari begona joylar ko‘chalarida qolib ketmoqda yoki deportatsiyaga hukm qilinmoqda.

Nashrning yozishicha, odamlar avtobusda Lion va Marsel kabi shaharlarga olib borilib, maxsus boshpanalarga joylashtirilmoqda. Uysizlar u yerda uch haftagacha yashaydi, shu vaqt ichida ular boshpana olish mezonlariga javob beradimi yoki yo‘q — tekshiriladi. Ushbu huquqqa ega bo‘lganlar ariza ko‘rib chiqilayotganda uzoq muddatli uy-joy bilan ta’minlanishi mumkin. Biroq boshpanasiz migrantlarning 60 foizgacha qismi uy-joy ololmayapti, ba’zilari esa deportatsiya qilinmoqda.

“Ular sizga tasodifiy chipta beryapti, — dedi avtobuslardan birida bo‘lgan Markaziy Afrika Respublikasi muhojiri Umar Alamin NYT`ga. — Agar bilet Orleangacha bo‘lsa, demak siz Orleanga ketasiz”.

Fransiya hukumati ko‘chirish Parijdagi uy-joy tanqisligi fonidagi “ixtiyoriy dastur"ning bir qismi ekanini bildirdi va Olimpiada bilan bog‘liqlikni rad etdi. Ammo NYT davlat uy-joy fondi xodimidan elektron xat oldi, unda bu dasturning maqsadi aynan “Olimpiada o‘tkaziladigan joylar yaqinidagi ko‘cha odamlarini aniqlash” va ularni o‘yinlar oldidan boshqa joyga ko‘chirish ekani aytiladi.

Gazetaning qayd etishicha, ko‘chirish sabablaridan biri Parij va uning atrofida yashovchi 100 ming uysiz odam uchun boshpanalarda joy yo‘qligidir. Muammoni hal qilish uchun rasmiylar o‘tgan yili mamlakat bo‘ylab 10 ta vaqtinchalik boshpana ochgan.

Olimpiya qishlog‘ining o‘zi Parijning eng qashshoq chekkalaridan biri, taxminan har uchinchi odam migrant bo‘lgan — Sena-Sen-Denida qurilgan. Bu mamlakatdagi eng yuqori foiz, deyiladi materialda.

Avvalroq The Guardian ham Parij va uning chekka qismlaridagi uysizlarning boshqa hududlarga ko‘chirilishi haqida yozgan edi. Nashrning ta’kidlashicha, politsiya Fransiya poytaxtini fohisha va giyohvandlardan ham tozalagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning aprel oyidan buyon Parijdan 12,5 ming kishi chiqarib yuborilgan.