Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS)ning yarmini tuman budjetlarida qoldirish masalasini ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda viloyatda ro‘yxatga olingan 545 ta tadbirkor hisobraqam ochmagan, mingdan oshig‘i bank orqali aylanma qilmagan.
Agar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 50 foizdan ortig‘i mahalliy budjetda qolsa, tadbirkorlar soyadan chiqishi va ko‘proq soliq tushumlarini olish uchun “tuman manfaati ko‘payadi”.
Bugungi kunda O‘zbekiston hududlarida JSHODS bo‘yicha tushumlarni taqsimlashda turlicha yondashuvlar qo‘llanmoqda. Viloyat hokimliklari har yili budjetni tasdiqlashda tuman budjetlariga ajratmalar me’yorlarini belgilaydi, ularning aksariyati JSHODSning asosiy qismini viloyat budjetiga qoldiradi. Masalan, Farg‘ona viloyatida JSHODSning 50 foizi tumanlarda qoldirildi, Samarqand viloyatida — 10−50 foiz atrofida, Sirdaryo viloyatida — 3−20 foizi, Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlarida — 100 foizi.
Markazsizlashtirish
2019-yilning noyabr oyida o‘sha paytda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Timur Ishmetov moliya tizimini bosqichma-bosqich markazsizlashtirish, ya’ni soliqlar ko‘proq bo‘ladigan hokimliklarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish haqida gapirgan edi.
“Bizning fikrimizcha, hokimliklar mahalliy budjetning moliyaviy xarajatlarini mustaqil boshqarish huquqini qo‘lga kiritishi vaqti keldi. Shunda ulardan to‘liq javobgarlikni talab qilish adolatdan bo‘ladi”, — degandi u.
Moliyachi Otabek Bakirov ham soliqlarni ular yig‘iladigan hududlarda qoldirish “yangi davr boshlanganda e’lon qilingan” markazsizlashtirish siyosatining bir qismi ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mas’uliyatli ish beruvchilarni “faoliyatini oqartirishga” rag‘batlantirishi va o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda potensial soliq to‘lovchilar uchun tumanlar o‘rtasida raqobatga olib kelishi kerak.
“Tasavvur qiling, aytaylik, mingta xodimga ish beruvchi biznes Quvaga ham, shundoq uning yonidagi Marhamatga ham kerak. Bir necha yuz milliard soliq hududida qolishi uchun hokimto‘ralar endi, istaydimi, yo‘qmi, biznesga bo‘yin egishga, qayishishga o‘tadi”, — deya tushuntirdi u.
Ammo masalaning boshqa tomoni — bu pullarning xarajati.
“Mana shu masalada tiyib turish, nazorat va taqsimot vazifalari jamoatchilik, ularning vakilligi esa erkin saylovlarda shakllangan kengashlar orqali amalga oshirilishi kerak. Boshqacha aytganda, soliqlarning katta qismini hududlarda qoldirish orqali hokimlarga pul berishning oshishi ularning hisobdorlik, shaffoflik va tiyilish darajasiga doim mutanosib bo‘lishi zarur”, — hisoblaydi moliyachi.
Prezident mazkur yig‘ilishda Farg‘ona viloyatida rahbarlarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ham ma’lum qilgandi. Endi viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, 19 ta tuman va shahar hokimlari har kuni 5 nafar tadbirkor va investorni qabul qilib, ularning muammolarini hal etadi.