Tarmoqlarda 12-iyul kuni Xiva — Andijon yo‘nalishidagi poyezdda harakatlangan o‘zbek shou-biznesi vakillarining murojaati paydo bo‘ldi. Ular poyezdda konditsioner tizimi ishlamaganini bildirgan.

Lavhalarda yo‘lovchi san’atkorlar qo‘liga yelpig‘ich olib, o‘zini sovitayotgani, poyezd oynasini ochsa-da, u yerdan chang kirayotganini aytgan. Shuningdek, chipta olinayotganda ularga konditsioner ishlashi aytilgani, biroq bunday bo‘lib chiqmagani haqida so‘z borgan.

“„O‘zbekiston temir yo‘llari“ chiptalarni aldab sotmaydi”

O‘sha kuni holat yuzasidan munosabat bildirgan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” yo‘l davomida mazkur yo‘lovchi poyezd vagonida texnik nosozlik aniqlangani, yo‘lovchilar vaqtincha boshqa vagonga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

“Yo‘lovchilardan sovitish tizimi ishlamayotgan taqdirda, vagon kuzatuvchilariga, agar muammo yechim topilmasa, poyezd boshlig‘iga murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidlab o‘tamiz”, — deyiladi unda.

Ertasi kun AJ yana bir bayonot berdi va “„O‘zbekiston temir yo‘llari“ chiptalarni aldab sotmaydi” deya ta’kidladi. Qayd etilishicha, mazkur yo‘lovchi vagon 1991-yilda qurilgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda o‘z muddatlarida texnik ta’mirlardan o‘tkazilgan.

“Ushbu vagonga o‘rnatilgan sovitish tizimi, texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati +40 darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovitish samaradorligi yo‘qoladi. Hozirgi kunlarda mamlakatimiz hududi bo‘ylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovitish tizimlarida nosozliklar kuzatilmoqda. Videolavhaga tushirilgan poyezdning yo‘l davomida havo harorati +40 darajadan yuqorilab ketgani sababli sovitish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovitilmagan”, — deya ta’kidladi AJ.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ning bayonotiga e’tibor qaratgan iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha, 2024-yil boshidan buyon O‘zbekistonda hali anomal issiqlik kuzatilgani yo‘q. “O‘zgirdromet”ning 12-iyul uchun e’lon qilgan kunlik ob-havo prognozida shu kuni harorat +33…+38 daraja, janubda esa +40…+42 darajagacha bo‘lishi aytilgandi.

““O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan asrlarda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi vagonlarining sovitish tizimlari, ichki intereri, elektr tizimlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun kerakli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinyapti, oxirgi 1 yil davomida zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 27 ta yo‘lovchi vagonlar xarid qilingan.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bundan avval ham ijtimoiy tarmoqlar orqali shu ko‘rinishdagi tanqidiy materiallar e’lon qilingan va bu holatlarni o‘rganish hamda aniqlik kiritish bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJga so‘rov yuborilgan.

Qo‘mita tomonidan bu kabi holatlar yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda, holat qo‘mita nazoratiga olingan, deyiladi xabarda.