Ijtimoiy tarmoqlarda Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi ko‘priklardan biri qulagani aks etgan videolar tarqaldi.

Tasvirda katta soyda to‘lib sel oqayotgani va u ko‘prikni ko‘tarib turgan tayanch ustunlar ostini yuvib ketgani hamda mashinalar harakati to‘xtab qolgani ko‘rinadi.

Ko‘prik Jalaquduq tumani Yorqishloq qishlog‘idan o‘tuvchi “Oqbo‘yra soy” ustiga qurilgan. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning yozishicha, uning qulab tushishida soyda qo‘shni Qirg‘izistondan oqib kelgan va to‘satdan yuz bergan kuchli sel hodisasi asosiy omil bo‘lishi mumkin.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni daqiqalarda viloyat hamda har ikki tuman rahbariyati vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhi voqea joyiga yetib borgan va ish olib bormoqda.

Sodir bo‘lgan voqea oqibatida tan jarohati olganlar yoki qurbon bo‘lganlar yo‘q. Boshqa barcha holatlar bo‘yicha o‘rganish davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi voqea joyiga qutqaruvchilar ham yetib borganini bildirdi. Hozirda “Oqbo‘yra soy” suv oqimi o‘z yo‘lida xarakatlanmoqda.

Erkin Abdulahatovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, xususan O‘sh shahrida kuchli intensiv yog‘ingarchiliklardan so‘ng talofatli sel hodisalari kuzatilmoqda.

“Mas’ul tuzilmalar O‘sh viloyatiga qo‘shni chegaradosh O‘zbekiston hududlardagi aholini zudlik bilan sergak topish bo‘yicha ogohlantirishlarni amalga oshirishi kerak. O‘sh viloyatidan Andijonga oqib keluvchi soy va sel o‘zanlarida navbatchilik tashkil etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi”, — deya ta’kidladi u.

Xarita: Yandeks.Xarita: Yandeks.

O‘zgidromet agentligi avvalroq 13−16-iyul kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayotgani sababli O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan Andijonning Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.