Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniya shtatida saylovoldi uchrashuvda nutq so‘zlayotgan chog‘ida uning hayotiga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabarni chuqur xavotir bilan qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, prezdiyent ushbu zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaydi va Donald Trampga tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul kuni Pensilvaniya shtati Batler okrugidagi saylovchilar oldida so‘zga chiqqan Donald Tramp nutqi boshlanganidan besh daqiqa o‘tib o‘ng qulog‘iga tekkan o‘qdan jarohatlangan.

Trampning matbuot kotibi Stiven Chung uning ahvoli “yaxshi”ligi haqida ma’lumot bergan. Trampga o‘q uzgan shaxs, shuningdek, miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgan, yana bir kuzatuvchi og‘ir yaralangan.