14-iyul kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy kanalidan kichik yoshdagi shaxsning jasadi topildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarida bu yoshdagi farzandini yo‘qotgan hech bir oila aniqlanmagan. 5−6 yoshli qiz Qirg‘izistonning O‘sh shahridan oqib kelgan bo‘lishi mumkin.

Yuborilgan fotosurat orqali O‘shdagi oila vakili bu qizaloq uning o‘z oilasidan ekanini tasdiqlagan. Hozirda oila vakili Xo‘jaobod tumani sari yo‘lga chiqqanini bildirgan.

Viloyat hokimligi va tegishli organlar tomonidan mazkur oilani qo‘llab-quvvatlash harakatlari tashkil etildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tog‘ va adirliklarida kuzatilgan jala yomg‘irlar yog‘ishi oqibatida Andijon viloyatida kuchli sel oqqan. Buning oqibatida Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi ko‘priklaridan biri qulab tushgandi.