14-iyul kuni AQShning Pensilvaniya shtatidagi tarafdorlari bilan miting paytida sobiq prezident Donald Trampga o‘q uzildi, deb xabar berdi BBC.

Batler okrugidagi saylovchilar oldida so‘zga chiqqan prezidentlikka nomzod nutqi boshlanganidan besh daqiqa o‘tib o‘ng qulog‘iga tekkan o‘qdan jarohatlangan. Uni darhol Maxfiy xizmat agentlari qurshab olgan va u yuzida qon bilan sahnani tark etgan.

Nashr so‘zlariga ko‘ra, u maxsus transportda shifoxonaga olib ketilishidan avval qo‘llarini musht qilgan holda bir necha bor “kurash” so‘zini aytgan.

Trampning matbuot kotibi Stiven Chung sobiq prezidentning ahvoli “yaxshi”ligi haqida ma’lumot berdi. U hozirda tibbiy yordam olmoqda, tezkor choralar ko‘rilgani uchun huquq-tartibot organlari va birinchi yordam xodimlaridan minnatdor, dedi Chung.

Maxfiy xizmat vakili Antoni Guglielmi, FT`ga ko‘ra, xavfsizlik choralari ko‘rilgani va ayni paytda sobiq prezident “xavfsiz” ekanini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda xizmat faol tekshiruvlarni olib bormoqda.

Trampga o‘q uzgan shaxs, shuningdek, miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘ldi, deb yozdi Reuters. Agentlikka ko‘ra, yana bir kuzatuvchi og‘ir yaralangan.

Batler okrugi prokurori Richard Goldinjer suiqasd uyushtirgan shaxs o‘zini o‘zi yaralab o‘lganmi yoki uni otishganmi — aniq bilmasligini aytdi, deb yozdi Washington Post.

CNN`ning uzatishicha, o‘q uzuvchining shaxsi va maqsadi hozircha aniq emas. U Trampni yaqin atrofdagi bino tomidan turib otgan.

Prezident Jo Bayden Trampning “xavfsiz va yaxshi ahvolda”ligini eshitganidan xursand ekanini aytdi. “Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz mamlakat sifatida birlashishimiz va buni qoralashimiz kerak”, — deya uning so‘zlarini keltirdi The New York Times.

Hozirda AQShning turli shtatlari gubernatorlari, siyosatchilar va taniqli shaxslar — respublikachi bo‘lishi yo bo‘lmasligidan qat’i nazar — ushbu holatni qoralamoqda va Trampga tezroq sog‘ayishni tilamoqda.

Ijtimoiy tarmoq vakillari aynan ushbu hodisa sobiq prezidentga noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonishida qo‘l kelishini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, suiqasd uning o‘zi tomonidan uyushtirilgani haqida gapirayotganlar ham topilmoqda.