Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda ayol ikki nafar qizini kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Tasvirlarda ayol turmush o‘rtog‘ini ularning holidan xabar olmayotgani va yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahl qilib, qizlarini daraxt shoxi bilan savalaganini ko‘rish mumkin.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat 9-iyul kuni Jondor tumanida yashovchi ayol I.M. tomonidan sodir etilgan. Uning turmush o‘rtog‘i N.B. bir necha yildan buyon xorijda ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Eri oilasidan xabar olmayotgani, yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahli chiqib, ayol qizlari 4 yoshli O‘.S. va 3 yoshli O‘.S.ni urib, kaltaklab, videotasvirga olgan va eriga jo‘natgan.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, hozirda voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Uning doirasida bolaga yetkazilgan jarohatning darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Bolalar ombudsmanining qayd etishicha, so‘nggi paytda ota-onalar tomonidan o‘zaro nizoda farzandidan manipulyatsiya quroli sifatida foydalanib, bolaga jismoniy va ruhiy zarar yetkazish hollari ko‘p kuzatilmoqda.

“Ota-onalik maqomi bolaga zo‘ravonlik qilish huquqini bermaydi. Bolaga nisbatan bunday harakatga yo‘l qo‘ygan shaxslar kim bo‘lishidan qat’iy nazar qonunan javob berishi shart”, — deya ta’kidlaydi Surayyo Rahmonova.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida turmush o‘rtog‘i bilan videomuloqot chog‘ida janjallashib, o‘g‘lini bo‘g‘ishga uringan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Ayolning aytishicha, eri Rossiyada boshqa ayolga uylangan va qaytishni istamayapti. Bolamni bo‘g‘madim, erimni shunday qilib qo‘rqitmoqchi bo‘ldim, degan u.

Bir yilcha avval Kattaqo‘rg‘on tumanida Rossiyada bo‘lgan eriga jahl qilib, bolasini qiynaganini tasvirga olgan va turmush o‘rtog‘iga yuborgan kattaqo‘rg‘onlik ayol jazoga tortilgandi. 23 yoshli ona sudda bu ishni erini qo‘rqitish maqsadida qilganini aytgan. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayol 7,5 mln so‘m jarima to‘laydigan bo‘lgan.