6-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi VMQ-387-son qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan neft, gaz (shu jumladan, siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.

Yangi AGTKSHlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.

Litsenziya yoki ruxsatnoma olish uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak:

  • AGTKSH orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • Energetika vazirligining AGTKSH orqali siqilgan gaz sotish bo‘yicha yangi litsenziya olish Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvini tasdiqlovchi taqdimnomasi.

Amaldagi litsenziatlar uchun “UZINFOCOM” avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025-yil 1-yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi.