AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatning sobiq rahbari, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirilgani munosabati bilan xalqqa telemurojaat qildi. Bayonot matni Oq uy saytida e’lon qilindi.

14-iyul kuni Oval kabinetda yozilgan murojaatida Bayden Amerika siyosatidagi “qizg‘inlikni pasaytirish” zarurligi haqida gapirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, Pensilvaniyadagi saylovoldi tashviqoti mitingida Trampga o‘q otilgani “barchani orqaga qadam tashlashga chaqiradi”.

“Biz bunday zo‘ravonlikning odatiy holga aylanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Mamlakatimizda siyosiy ritorika qizg‘inlashdi. Uni sovitish vaqti keldi. Buning uchun barchamiz javobgarmiz”, — dedi Bayden.

“Amerikada biz kelishmovchiliklarimizni saylov qutilarida hal qilamiz. Bu shunday bo‘ladi: o‘q bilan emas, balki saylov qutisida”, — dedi Bayden.

Prezident Trampning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi va miting chog‘ida oilasini o‘qlardan himoya qilayotganda halok bo‘lgan 50 yoshli o‘t o‘chiruvchi Kori Kompatorning oilasiga hamdardlik bildirdi.

Baydenning aytishicha, suiqasdning maqsadi hali aniqlanmagan va tergov davom etmoqda.

Bu Baydenning prezidentlik davrida Oval kabinetdan Amerika xalqiga qilgan uchinchi murojaati bo‘ldi. Qoidaga ko‘ra, bunday chiqishlar amerikaliklar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan voqealarga bag‘ishlanadi, deya aniqlik kiritdi Reuters.

Tramp — suiqasd haqida

Sobiq prezident The Post Sunday tabloidiga bergan intervyusida suiqasdni “juda syurreal tajriba” deb atadi. “Kasalxona shifokori hech qachon bunday narsani ko‘rmaganligini aytdi va buni mo‘’jiza deb atadi”, — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokor hech qachon AR-15 otishmasidan omon qolgan odamni ko‘rmaganini aytdi.

“Men bu yerda bo‘lmasligim, men o‘lgan bo‘lishim kerak edi”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, u noqonuniy muhojirlar haqidagi plakatdagi xabarni o‘qish uchun boshini o‘ngga burgani sabab o‘q uning o‘ng qulog‘iga teggan va shuning uchun omon qolgan.

Siyosatchi Maxfiy xizmat xodimlariga minnatdorchilik bildirib, ularning suiqasd paytidagi harakatlarini qahramonlik deb atadi. “Ular uni [o‘q otgan shaxsni] ko‘zlari orasiga bir o‘q bilan o‘ldirishdi… Ular ajoyib ish qilishdi”, — dedi u.

Tramp, shuningdek, Jo Baydenning suiqasddan ko‘p o‘tmay unga qo‘ng‘iroq qilganini ham e’tirof etdi. Sobiq prezidentning aytishicha, Bayden “juda yaxshi”. Tramp endi ikkalasining ham saylov kampaniyasi “madaniyroq” bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

Suiqasd haqida nimalar ma’lum?

Federal tergov byurosi suiqasdni Pensilvaniya shtatidagi Baytel-Park shahrida yashovchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirganini aniqladi. Yigit ilgari politsiya e’tiboriga tushmagan, shuningdek, uning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar ham bo‘lmagan.

Kruks ikki oy oldin jamoa kollejini muhandislik bo‘yicha kichik injener darajasiga ega bo‘lgan. Ma’lumki, u shaxmat va dasturlashni yaxshi ko‘rgan, reabilitatsiya markazida assistent bo‘lib ishlagan.

2021-yilda Demokratik yo‘nalishdagi Progressiv caylov loyihasiga 15 dollar xayriya qilganiga qaramay, Kruks AQSh saylovchilar ma’lumotlar bazasida respublikachilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Kruks Tramp gapirgan sahnadan taxminan 120−150 metr uzoqlikdagi bino tomidan o‘q uzgan. U Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan yo‘q qilingan va uning tanasi yonidan otasining nomiga sotib olingan yarim avtomatik AR-15 miltig‘i topilgan.

Amerika ommaviy axborot vositalarining reaksiyasi

New York Times

“Shanba kuni Pensilvaniyadagi mitingda Donald Trampga uyushtirilgan suiqasd 2024-yilgi prezidentlik poygasini shok va noaniqlikka olib keldi.

Prezident Baydenning kampaniyasi shoshilinch ravishda butun mamlakat bo‘ylab efir to‘lqinlaridan televizion reklamalarni olib tashladi va barcha rasmiy chiquvchi aloqalarni to‘xtatdi — na mablag‘ yig‘ish qo‘ng‘iroqlari, na yangiliklar relizlari. Bayden kampaniyasining ichki buyrug‘i barcha xodimlardan “ijtimoiy tarmoqlarda yoki omma oldida har qanday izoh berishdan saqlanishni” so‘radi. Trampning saylovoldi shtabi ham xuddi shunday ko‘rsatmalarni olgan.

Albatta, otishma musobaqaning qiyofasini o‘zgartirdi. Ammo uning siyosiy jihatdan qanday rivojlanishi haqidagi darhol paydo bo‘lgan savollar javoblardan ko‘ra ko‘proq taxminlarni keltirib chiqardi. Shunisi aniqki, xalq Amerika siyosatida xunuk va kuchayib borayotgan yangi zo‘ravonlik to‘lqiniga duch kelmoqda".

CNN

“Donald Tramp dushanba kuni Respublikachilar milliy qurultoyining ochilishida MAGA (Make America Great Again) harakatining yanada buyuk afsonaviy qahramoni sifatida suiqasddan keyin tiriladi (bu tadbir Trampning prezidentlikka nomzodini rasman ma’qullashi kutilmoqda).

Saylovchilar chuqur tashvishli voqealarga qanday munosabatda bo‘lishlarini aytishga hali erta… Lekin har bir nomzodning yaqin kunlarda qabul qiladigan qarorlari va ularni ifodalashga intilayotgan ohang saylovoldi tashviqoti qanday kechishi uchun muhim bo‘ladi".

Politico

“Deyarli o‘n yil davomida Donald Tramp demokratlar o‘rtasida birdamlikni ta’minlovchi eng katta kuch va uning partiyasidagi bo‘linishning eng katta manbai bo‘ldi. Endi, respublikachilar Trampni uchinchi navbatdagi saylovga nomzod sifatida ko‘rsatmoqchi ekan, vaziyat o‘zgarib ketdi.

Suiqasd va Trampning qarshi javobi uning muxoliflarini va balki butun mamlakatni asabiylashtiradi va bizning demokratiyamiz asosan immunitetga ega bo‘lgan avtoritar siyosatga da’vosini kuchaytiradi. Trampning siqilgan mushti uning nafaqat saylovoldi kampaniyasida, balki g‘alaba qozonsa, ikkinchi muddatda uning impulslariga qarshilik ko‘rsatish ehtimoli kamroq bo‘lgan partiyadagi mavqeyini mustahkamlaydi".