BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlar bilan O‘zbekistonda yangi BYD avtomobil modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzdi, deb xabar berdi “O‘zavtosanoat” kompaniyasi matbuot xizmati.

27-iyundan boshlab zavodda BYD Chazor va Song Plus avtomobillari ishlab chiqarila boshlagandi. Prezidentga 10-iyuldagi taqdimotda O‘zbekiston BYD bilan B, C va budjet avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishib olgani aytilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, gap BYD Seagull va E2 haqida bormoqda, ularning birinchi namunalari allaqachon laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Sertifikat sinovlari uchun modellar UzTest davlat muassasasi qoshidagi “Quality and Safety Testing” sinov laboratoriyalari kompleksiga topshirilgan.

Sinovlar umumiy texnik reglament talablari asosida o‘tkazilib, elektromagnit moslik, tormoz tizimi samaradorligi, ichki va tashqi shovqin darajasi, isitish va sovutish tizimlari, boshqaruvchanlik va barqarorlik, yoritish tizimi va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlarni tekshirishni o‘z ichiga oladi, deya ta’kidladi “O‘zavtosanoat”.

“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ta’kidlashicha, test sinovlari va bozorni o‘rganish jarayoni taxminan uch oy davom etadi.

Bundan tashqari, Texnik reglament agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston bozoriga taklif etiladigan avtomobillar uchun yangi standartlarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Ushbu standartlar xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari, xalqaro ekologik standartlarga muvofiqlik, xavfsizlik talablariga rioya qilish, shuningdek, yangi energiya manbalaridagi avtomobil akkumulyatorlarini xavfsiz qayta ishlash va utilizatsiyani o‘z ichiga oladi.

“Ushbu qadam BYD Uzbekistan Factory zavodining nafaqat o‘z mahsulot turlarini kengaytirishi, balki ularning yuqori sifatini hamda barcha zarur xavfsizlik va ekologik standartlarga muvofiqligini ta’minlashga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda.

BYD Seagull BYD 3.0 elektr platformasida qurilgan, aslida u BYD Dolphin modelining kichikroq va soddalashtirilgan versiyasidir. Uning umumiy uzunligi 3780 mm, kengligi — 1715 mm, balandligi — 1540 mm, g‘ildirak bazasi — 2500 mm. Standart g‘ildiraklari 15 yoki 16 dyuymga ega.

Orqa o‘rindiq qat’iy ikki kishilik, asboblar ekrani diagonali 5 dyuym, multimedia ekrani esa 12,8 dyuym. Fly paketi old aksda bitta elektr dvigatel bilan jihozlangan, uning quvvati 55 kVt (75 ot kuchi). Batareyasi 38,88 kVt quvvatga ega litiy-temir-fosfat bo‘lib, u CLTC siklida (Xitoyda haydash sikli) 405 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi.

Uning Xitoydagi boshlang‘ich narxi 9700 dollarni tashkil qiladi.

BYD E2 an’anaviy 5 eshikli, 5 o‘rindiqli C-klass xetchbeki bo‘lib, 2019-yilda debyut qilgan. Konfiguratsiyaga qarab, u 70 kVt yoki 100 kVt (95 va 136 ot kuchi) dvigatel bilan jihozlangan. Batareya quvvati 33−43 kVt/soat, masofasi 300−400 km. Xitoyda narxlar 12 210 dollardan 16 290 dollargacha farq qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-avgust oyida “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarini to‘liq siklda ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib olgan edi. Bungacha tomonlar avtomobil bozorini o‘rgangan.

2022-yil 29-dekabrda “O‘zavtosanoat” (60 foiz ulush) va BYD Europe B. V. (Niderlandiya, 40 foiz) BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasini tashkil etgandi. 2023-yil 26-sentabrda O‘zbekiston hukumati va investor o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. BYD brendi 2023-yil boshidan buyon O‘zbekistonda rasman namoyish etilmoqda.