2024-yil yanvar-iyun oylarida umumiy pul tushumlari 385 trln so‘mni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 30 foizga o‘sdi. Bu bo‘yicha Markaziy bank sharhi taqdim etildi.
Hisobotga ko‘ra, umumiy pul tushumlarida terminal orqali tushumlar ulushi 2023-yil birinchi yarimyilligidagi 38 foizdan 41 foizga o‘sib, uning tarkibida savdo va xizmatlar sohasidan terminal tushumlari salmog‘i 40 foizdan 45 foizga yuqorilagan.
2024-yil yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 458 trln so‘mni (naqd pul tushumlari — 227 trln so‘m, berilgan naqd pullar — 231 trln so‘m) tashkil etgani holda 2023-yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshdi.
Banklarga naqd pullar tushumining tarkibiy tuzilishida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi.
2024-yil yanvar-iyun oylarida bank kartalariga 468 trln so‘m mablag‘lar kirim qilindi. Ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshdi va ushbu davrda bank kartalaridagi 107 trln so‘m mablag‘lar naqdlashtirib olindi.
2024-yil yanvar-iyun oylarida bank kartalariga kelib tushgan mablag‘larning 23 foizi naqdlashtirib olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davrida 24 foizni (2022-yilda 28 foizni) tashkil etgan.
Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo‘lgan talab o‘rtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borildi.
Jumladan, Markaziy bank tomonidan 6 oy mobaynida muomalaga qo‘shimcha 4,1 trln so‘m naqd pullar chiqarildi. 2024-yil 1-iyul holatiga umumiy pul massasidagi naqd pullarning ulushi 21,1 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foiz bandga pasaydi.