Soliq qo‘mitasi sun’iy intellekt (SI) asosida yaratilgan DavrOn deb nomlangan virtual yordamchini ishga tushirdi, deya xabar qilmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, SI yordamchisi ai.soliq.uz saytida joylashgan bo‘lib, soliq to‘lovchilarga kechayu kunduz ma’lumot berishga mo‘ljallagan.

“DavrOn — samimiy va professional maslahatchi sifatida soliq va soliqqa tortish masalalarida ma’lumotlar hamda personal maslahatlar bera oladi. Virtual yordamchi o‘zbek, rus va ingliz tillarida samimiy muloqot qila oladi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, yordamchi 3 oy davomida yaratildi, uni takomillashtirish jarayoni “uzluksiz” davom ettiriladi. Shu maqsadda Soliq kodeksi, prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, me’yoriy hujjatlar va yo‘riqnomalar, shuningdek, soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblarni o‘z ichiga olgan 11 mln belgidan iborat bilimlar bazasi yaratilgan.

Virtual yordamchi Soliq qo‘mitasining sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan uchinchi xizmatidir.

2022-yilda soliq to‘lovchilarni masofadan identifikatsiya qilish bo‘yicha Face-ID xizmati joriy etilgan. Bugungi kunda xizmat auditoriyasi 6 mln nafardan ortiq Soliq mobil ilova foydalanuvchilarini qamrab olgan. Face-ID tizimi mukammal ishlashi uchun identifikatsiyadan o‘tish fotosurat yordamida emas, balki haqiqatda mavjud inson tomonidan amalga oshirilayotganini aniqlash uchun maxsus model yaratilgan.

Soliq ma’murchiligiga xizmat qiladigan yana bir SI — bu yuk avtotransport vositalari monitoringi tizimi. Kompyuterning ko‘rish modeli yuk mashinalarini boshqa texnikalardan ajratish uchun maxsus kameradan olingan tasvirlardan foydalanadi. Keyinchalik, tizim avtotransport vositasi yuk bilan yoki yuksiz harakatlanayotganini aniqlaydi va olingan ma’lumotlarni tahlil uchun yuboradi.

Soliq qo‘mitasi soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirish, shuningdek, soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida SI texnologiyalaridan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirib borishni ko‘zlagan, deyiladi xabarda.