Hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib olgan korxona va fermer xo‘jaliklari aniqlandi, deya xabar bermoqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati Norin tumanidagi “B.M.F.” MCHJ norasmiy rahbari Sh. U. g‘isht ishlab chiqarish sexidagi uskunalarni tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab olgan. Buning oqibatida 2 milliard 365 million so‘mlik (2 mln 128 ming kVt-soat) elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Holat yuzasidan korxona norasmiy rahbari Sh. U. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik), 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.

noqonuniy фoydaлaниш, elektr энyerгетикa

Shuningdek, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida “I.N.” va “Q.A.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari yer maydonini sug‘orish uchun o‘rnatilgan suv inshootlarini tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmoqlariga ulagan. Natijada 203,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Shu kabi holat Samarqand viloyati Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida tadbirkor D.A., “S.B.” va “T.S.H.” fermer xo‘jaliklari tomonidan ham sodir etilgan. Jami 245 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan ham yuqoridagi modda bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 6 oyda 550 mlrd 290 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanilgan. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4537 ta iste’molchi qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygan.