Sarlavhani o‘qib ajablanganingiz aniq, nega Kroos? Ha, Ispaniyaning Germaniya bilan uchrashuvida aynan Kroos Pedriga nisbatan qo‘pol o‘ynadi va oqibatda “Barselona” futbolchisi zaxiraga olingandi. Uning o‘rniga kim tushdi? Dani Olmo! Dastlab ayni o‘sha uchrashuvda so‘nggi daqiqalarda qahramon bo‘la oldi. Fransiya bilan bahsda ham ajoyib o‘yin namoyish etdi. Va finalda ajoyib seyvni amalga oshirdi! Xo‘sh, Pedri ham shu ishlarni qila olarmidi?

финал, испания, англия, futbol, евро-2024

Final so‘nggi Yevrolardagi eng yorqini bo‘ldi deyish mumkin. Ikki terma jamoa ham teng o‘ynadi, ajoyib futbol ko‘rdik va yakunda kuchlirog‘i g‘alaba qozondi. Shunday bo‘lsa-da, statistikaga qaralsa, ispanlar har tomonlama ustunlikka ega bo‘ldi.

Masalan, golli vaziyatlar yaratish (xG) bo‘yicha “qizil furiya” yetakchi — 1,89 — 0,61. Shu bilan birga, to‘p nazorati borasida ham ustunlik qilishdi: 63% — 37%. Darvoza tomon zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich: 15 — 9.

Garchi yillar o‘tib ushbu uchrashuv eslanib, statistikaga qaralganda “ispanlar rostan ham ustun bo‘lgan ekan” deyishlari mumkin. Lekin bir narsani eslab o‘tish va ta’kidlash maqsadga muvofiq: Dani Olmoning 90-daqiqadagi super seyvi finalning eng yuqori darajasi bo‘ldi. Taktika, gollar, iroda — agar ushbu vaziyat inglizlar foydasiga hal bo‘lganida, hech narsa bo‘lmay qolardi.

De la Fuente esa jahon futboli uchun yangi nom va yangi daraja bo‘la oldi. Joiz bo‘lsa, ushbu Yevro to‘liq “murabbiylar jangi”ga aylangan bo‘lsa, ularning yetakchisi ispanlar ustozi bo‘lib berdi. Kuzda boshlanadigan klublar o‘rtasidagi uchrashuvlar, shuningdek, 2026-yilgi Jahon chempionatida futbol tendensiyasi qay darajada o‘zgarishini endi bilib olamiz. Ishoning, futbolda yangi yo‘nalish belgilab berildi.

Yuqoridagi fikrga qaytgan holda aytish mumkinki, Pedri jarohat olmaganida, balki Ispaniya butkul osonlik bilan chempion bo‘lishi mumkin edi. Balki umuman buning aksi bo‘lardi. Lekin Xoseluning Germaniya bilan o‘yinoldi Kroos tomon yo‘llagan gaplari, o‘sha bahsdagi holat yakunda butkul boshqa ssenariyni taqdim etdi.

Agar Angliya chempion bo‘lganda, hozir Bellingemning Slovakiya darvozasiga kiritgan golini eslayotgan bo‘lardik. Ammo “qizil furiya” to‘rtinchi bor turnirda g‘olib bo‘lib, rekord qo‘yganda ularni eslash biroz qiyin.

Barcha futbol muxlislarini o‘zlarining suyukli turnirlariga yangi tendensiya kirib kelayotgani bilan tabriklaymiz!

финал, испания, англия, futbol, евро-2024

Ispaniya — Angliya 2:1

Gollar: 1:0 — 47 Uilyams, 1:1 — 73 Palmer, 2:1 — 86 Oyarsabal.

Ispaniya — Unai Simon, Karvaxal, Laport, Le Norman (Nacho, 83), Kukurelya, Fabian Ruis, Rodri (Subimendi, 46), Olmo, Uilyams, Yamal (Merino, 89), Morata (Oyarsabal, 68).

Angliya — Pikford, Uoker, Stounz, Gexi, Shou, Rays, Foden (Touni, 89), Bellingem, Maynu (Palmer, 70), Saka, Keyn (Uotkins, 61).

Ogohlantirishlar: Keyn (25), Olmo (31), Stounz (53), Uotkins (90+2).