Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda 2024/2025 o‘quv yili uchun OTMlarga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha axborot berilgan. Qayd etilishicha, bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda. To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Mirziyoyevning 2023-yil sentabr oyida AQShga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti ochilishi kutilmoqda.

Uning faoliyati 2024/25 o‘quv yilidan boshlanadi. Universitetda muhandislik, arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarga Arizona davlat universiteti yoki AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy universitetning diplomi beriladi.

Davlat rahbari oliygohlarsha umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash, bunda mamlakat rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

U yana bir bor muhandis kadrlarga talab yuqori ekanini aytdi. Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda, deyiladi xabarda.

Bu samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi, ta’kidladi prezident.

Ushbu yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev tarmoq, korxona va oliygoh uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida ilg‘or, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.