Anglesly food mas’uliyati cheklangan jamiyati (Korzinka supermarketlar tarmog‘i)ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, kompaniya tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotida “kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “eng arzon narx — Korzinka`da”, “…eng unumlisiga keling!” kabi foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan jumlalardan foydalanilgan.

O‘rganish natijasida aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan ma’lum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan katalog joriy qilingani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmog‘i hamda dehqon bozorlardagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra solishtirilgani hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olingani aniqlangan.

“Xususan, „eng arzon narx“ deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi kuzatildi. Reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi 1-qismi, shuningdek, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi 1-qismi talablari buzilishi alomatlari aniqlangan.