Kapital ta’mirlash sabab 20-iyuldan 7-avgustgacha yopilayotgan Urganch aeroportidan Nukus aeroportigacha bepul transfer yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports.

Avval xabar berganimizdek, uchish-qo‘nish yo‘lagining uzoq muddatdan beri ishlashi hamda havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kapital qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Xususan, uzunligi 3000, eni 16 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlanadi.

“Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi”, — deb yozdi tashkilot. Yo‘lovchilarga Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida bepul transfer xizmati taqdim etiladi. Avtobuslar yo‘lovchilarni jo‘nab ketishda ham, uchib kelishda ham manzil aeroportiga olib boradi.

Masalan, Urganchdan Moskvaga HY-9615 reysi bilan uchayotgan yo‘lovchilar Urganch aeroportiga soat 23:00 da yetib kelishlari lozim. Jadvalga ko‘ra, avtobuslar yo‘lovchilarni Urganch aeroportidan soat 23:30 da olib ketadi. Soat 02:30 da yo‘lovchilar Nukus aeroportiga yetkaziladi va u yerdan Moskvaga uchishadi. Moskvadan qaytgan yo‘lovchilarni Nukusdan Urganchga yetkazish jarayoni ham xuddi shunday tashkil etiladi. Nukus aeroportida chegara nazoratidan o‘tib, yuklarni qabul qilib olgan yo‘lovchilarni Urganchga yo‘l oladigan avtobuslar kutib turadi.

Har bir alohida yo‘nalish bo‘yicha to‘liq avtobuslar qatnovi jadvalini ushbu havola orqali topish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun Uzbekistan Airports aloqa markazi telefon raqami — +998 55 501 45 55.