Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi UzAuto Motors kompaniyasi 8-iyul kuni o‘tkazgan davlat xaridida qonun buzilishi holatlarini aniqladi.

Unga ko‘ra, kompaniya Nexia 2 avtomobillariga butlovchi qismlar sotib olish maqsadida tender o‘tkazgan. Boshlang‘ich summa 1,5 milliard so‘m etib belgilangan, savdo narx tushib borishi tartibida amalga oshirilgan.

Unda ikkita korxona ishtirokchi sifatida qatnashgan: Eko Tsem Komplekt Oborudovanie va Eko Lit Metall. Yakunda birinchi korxona 100 ball va 1,3 milliard so‘m narx taklifi bilan g‘olib bo‘lgan.

Tender agentlik tomonidan o‘rganilganda, ushbu tadbirkorlik subyektlarining rahbar va ta’sischilari affillangani — yaqin qarindosh ekani aniqlangan.

Xususan, ochiq ma’lumotlarda Eko Tsem Komplekt Oborudovanie MJCHning rahbari Asqarov Abduraxim Mutalovich deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, unga raqobat qilishi kutilgan Eko Lit Metall`niki Mutalipov Anvarjon Abduraxim o‘g‘li hisoblanadi.

Ushbu holatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qator talablari buzilgani sababli buyurtmachiga xarid natijalarini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan. Aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar tegishli organga yuborildi, deyiladi xabarda.