Bir qator Yevropa davlatlari Afg‘onistonda o‘z elchixonalarini qayta ochish va shu orqali Tolibonni tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalarga tayanib.

Yevropalik yuqori martabali diplomatga ko‘ra, Bryussel rasmiylari taraqqiyot loyihalarini amalga oshirish va ayollar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, strategik mavjudlikni o‘rnatish uchun Afg‘onistonda jismonan hozir bo‘lish zarurligini tan ola boshlagan.

Elchixona ochishga qiziqish bildirgan davlatlar qatorida Bloomberg Italiyani ham tilga oldi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rim bir necha hafta oldin “razvedka missiyasini” ham amalga oshirgan. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Italiya elchisi yaqinda Kobulga tashrif buyurganini tasdiqladi. “Biz bu borada ishlayapmiz, — dedi vazir agentlikka. — Inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar bor. Muammoni hal qilish juda qiyin va vaqt talab etadi”.

Ispaniya ham Afg‘onistonga qaytishni istamoqda, uning Kobuldagi elchisi hozirda “xavfsizlik nuqtai nazaridan” Qatarda ishlamoqda, deyiladi materialda. “Minimal xavfsizlik shartlari yaratilishi bilan biz elchimizni qaytarib yuboramiz”, — dedi Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Bloomberg`ga bergan intervyusida.

Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya rasmiylari agentlikka yaqin kelajakda Kobuldagi vakolatxonalari faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan. Bloomberg bilan suhbatda fransuz rasmiysi mavjud nollik holati “cheksiz davom eta olmasligini” tan olgan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ham “xavfsizlik va siyosiy sharoitlar imkon bersa, Afg‘onistonda diplomatik vakolatxona o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqishini” bildirgan.

Qo‘shma Shtatlar, o‘z navbatida, Tolibonni tan olish va Kobuldagi elchixonasini qayta ochish niyatida emas, dedi agentlikka AQSh prezidenti ma’muriyati vakili.

Bloomberg`ning eslatishicha, Yevropa davlatlari 2021-yilda AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilib, hokimiyatga Tolibon kelganidan keyin o‘z elchixonalarini yopgan. Bugungi kunda mamlakatda faqat YI vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.