Respublikachilar partiyasi Donald Trampni rasman AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda Miluokida (Viskonsin shtati) bo‘lib o‘tayotgan partiya yig‘ilishining birinchi kunida ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Sky News.

Tramp Pensilvaniyadagi saylovoldi mitingi chog‘ida otib ketilganidan ikki kun o‘tib yig‘ilishda qatnashdi. Ushbu holat siyosatchining qulog‘ini yaralagandi. Respublikachi omma oldiga bint bog‘lagan holda chiqdi.

Tramp vitse-prezident sifatida Ogayo shtatidan 39 yoshli senator Jey Di Vensni tanladi. “Vitse-prezident sifatida Jey Di Konstitutsiyamiz uchun kurashni davom ettiradi, qo‘shinlarimiz bilan birga bo‘ladi va Amerikani buyuk qilishda menga qo‘lidan kelgan yordamni beradi”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Foto: X / SenVancePress.Foto: X / SenVancePress.

Jeyms Devid Vens 1984-yil 2-avgustda Ogayo shtatining Midlton shahrida tug‘ilgan, biroq bolaligini Kentukkida o‘tkazgan. 2003-yildan 2007-yilgacha Vens AQSh dengiz piyodalari korpusida xizmat qilgan, keyin Ogayo universiteti va Yel huquq maktabini tamomlagan. Keyingi yillarda — Senatga nomzod bo‘lishidan oldin — u venchur kapitalist sifatida ishlagan.

Vens 2016-yilda o‘zining shahar ichidagi muammoli bolaligi va Amerika oq ishchi sinfining kurashlari haqida hikoya qiluvchi “Hillbilli elegiyasi” (Hillbilly Elegy) nomli memuarini nashr etishi bilan milliy mashhurlikka erishdi. Kitob bestsellerga aylandi.

CNN`ning qayd etishicha, Vens Trampni prezidentlik muddatining birinchi muddatidan oldin tanqid qilgan, shuningdek, uni “amerikalik Gitler” va xalq uchun “madaniy geroin” deb atagan. Biroq keyinchalik u Trampning sodiq tarafdorlaridan biriga aylandi va o‘tmishda uni tanqid qilgani uchun uzr so‘radi. Tramp 2022-yilgi Senat saylovlarida Vens nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Tashqi siyosat masalalarida Vens izolyatsion pozitsiyani egallaydi, deb yozadi Economist. U Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi, Tayvanga nisbatan aniq pozitsiyada emas va Ukrainaga yordam berishga qarshi. Intervyuda Venc Ukrainada sodir bo‘layotgan holatga “e'tiborsiz ekanini” aytgandi.

New York Times`ning yozishicha, Vens Trampga 2024-yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan “Chang kamar” shtatlarida (Pensilvaniya, Ogayo, Indiana, Michigan va Illinoys) qo‘shimcha ovozlarni qo‘lga kiritishga yordam berishi ehtimoli kam. Nashrning yozishicha, Tramp Vesni MAGA (Make America Great Again) harakatining vorisi sifatida tanlagan.