Korzinka supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining “eng arzon narx” iborasi qo‘llangan reklama bilan bog‘liq da’volariga javoban bayonot bilan chiqdi.

16-iyul kuni Korzinka tarmog‘i bosh direktori Rud Pedersen qo‘mita rahbariyati bilan uchrashib, may oyida boshlangan “Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar” dasturi haqida gaplashgan. Kompaniya buni “vaqtinchalik reklama emas, balki yangi narx strategiyasi” deb atadi, bu kunlik xaridlarda tovarlar savati uchun past narxlarni yaratishga qaratilgan.

“2024-yil may oyida Korzinka o‘zining narx siyosatini o‘zgartirish va muntazam amalda bo‘ladigan — „Kundalik xaridlar uchun eng arzon narxlar“ dasturini yaratish yo‘lida strategik qaror qabul qildi… Iste’molchilarga kundalik xaridlar uchun tovarlar savatiga barqaror arzon chakana narxlarni bir joyning o‘zida taqdim etish tarmog‘imiz maqsadidir. Bu xaridlar jarayonini osonlashtiradi, qo‘shimcha qulaylik yaratadi va, eng avvalo, yurtdoshlarimiz ro‘zg‘ori uchun moliyaviy bosimni kamaytirishga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.

“Biz o‘zimiz uchun strategik — birinchi navbatda zarur tovarlarga eng arzon narxlarni muntazam asosda saqlab turish mas’uliyatini qabul qildik”, deyiladi bayonotda. Buning uchun kompaniya “supermarketlarda va boshqa chakana savdo nuqtalaridagi narxlarni muntazam ravishda kuzatib boradi”.

“„Eng arzon narx“ katalogida keltirilgan tovarlar savatchasiga eng arzon narxlar belgilanadi va tovarlarning ayrim turlari bo‘yicha narxlar ba’zan bozorning boshqa ishtirokchilari bilan teng bo‘lishi holatlari uchrab turishi mumkin. Monitoring davomida biz boshqa chakana savdo nuqtalaridagi muntazam chakana narxlarga e’tibor qaratamiz. Raqobatchilarning uzoq muddatli davomiylikka ega bo‘lmagan, qisqa muddatli aksiyalari paytida ular savatning ma’lum bir alohida tovarlari bo‘yicha biz bilan bir pog‘onadan joy olishlari mumkin. Biroq biz shuni qat’iyat bilan ma’lum qilamizki, ushbu ijtimoiy to‘plam uchun narx bozorda eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur barcha choralarni ko‘ramiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Raqobatni rivojlantirish va istemolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan bo‘lib o‘tgan tinglovda Korzinka vakillari “jamoatchilikni tarmoqning narxlarni shakllantirish siyosatidagi birinchi navbatda zarur bo‘lgan ushbu mahsulotlarga nisbatan jiddiy o‘zgarishlar haqida xabardor qilganini ta’kidlab o‘tgan”.

“Biz qonunchilikni hurmat qilamiz hamda reklama, iste’molchilar huquqlariga oid barcha me’yor, qoidalarga rioya qilishda sobitqadammiz va hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymadik, deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda.

“Biz eng arzon narxlardagi tovarlar tanlovini muntazam asosda va har kun taklif etamiz. Bu mahalliy chakana savdo madaniyatidagi mutlaqo yangicha yondashuv hisoblanadi hamda mijozlarimiz hayotini nafaqat osonroq, balki qulayroq, unumliroq qiladi. Ushbu yondashuv mahalliy bozor uchun yangilik ekanini hisobga olib, biz qo‘mitada mazkur vaziyat bo‘yicha savollar vujudga kelganini tushunishimiz mumkin va hamkorlikka ochiqmiz, ham o‘z pozitsiyamizni oydinlashtirish, ham ijtimoiy mas’uliyatlarni zimmamizga olishdan xursandmiz”, — dedi Rud Pedersen.

Korzinka — O‘zbekistondagi eng yirik savdo tarmog‘i. Kompaniya 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mamlakatning 12 ta hududidagi 150 ta do‘konni o‘zida birlashtiradi.