Markaziy bank boshqaruvi ikki kompaniyaning litsenziyalarini ularning arizalari asosida chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

United Fintech brendi ostida faoliyat yuritgan Qulay Pul xususiy to‘lov tizimi operatorining litsenziyasi bekor qilinmoqda. 2021-yil 27-noyabrda kompaniya litsenziya olib, Humo va Uzcard`dan keyin uchinchi to‘lov tizimi operatoriga aylangandi.

O‘sha yilning dekabr oyida United Fintech asoschilari Spot`ga kartalar chiqarishni rejalashtirmayotgani va fintex bozoriga o‘zgartirishlar kiritish niyatida ekanini aytgandi. Tizimni ishga tushirish bir necha bor qoldirilgan, aprel oyida esa MB uning faoliyatini olti oyga cheklagandi.

Milliy Pochta To’lovlar kompaniyasi 2020-yil may oyida olgan to‘lov tashkiloti litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. Kompaniyaning ta’sischisi UzPost (“O‘zbekiston pochtasi”) bo‘lib, u bungacha Avval to‘lov tizimini ishga tushirishni rejalashtirgandi.

May oyida MBning Bank nazorati qo‘mitasi Payment Aggregation Systems va Yurt Pay to‘lov tashkilotlarining litsenziyalarini chaqirib olgandi. Bunga ta’sischilarning kompaniyalar faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘lgan.