Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida 2023-yil may oyidan 2024-yil yanvarigacha Chirchiq daryosi o‘zaniga yuk mashinasida o‘zboshimchalik bilan chiqindi tashlab kelib, to‘g‘on ko‘rinishidagi chiqindixona hosil qilgan shaxsga nisbatan hukm chiqarildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat ekologiya inspektorlari chiqindixonani yanvar oyida o‘tkazgan reyd davomida aniqlagan. Fuqaro M.D. ko‘p marta ogohlantirilishiga qaramay, o‘zboshimchalik bilan qurilish chiqindilarini tashlashda davom etgan.

chiqindiлар, чирчиқ daryosi, ekologiya

Sudda M.D.ning toifalangan hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzib, noqonuniy chiqindixona tashkil qilgani, hududga chiqindilarni ma’lum mablag‘ evaziga joylashtirib kelgani o‘z isbotini topdi.

Aniqlanishicha, u daryo tubiga jami 126,4 ming kub metrdan ortiq chiqindilarni tashlab, tabiatga 3,068 milliard so‘mlik zarar yetkazgan. M.D. “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlarni ham qo‘pol ravishda buzgan.

Sud hukmi bilan jinoyatchi 3 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, undan davlat foydasiga 3 milliard 680 million so‘m tovon undiriladi.