Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi 23-aprel kuni birignchi o‘qishda qabul qilingandi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini (skuter, moped, velosiped) boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan holat muayyan qisqa muddat davomida qaror qabul qilinmagan taqdirda, huquqiy oqibatini keltirib chiqarmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, shuningdek maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga (huquqbuzarga emas) 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa ishni ko‘rib chiqish tugatilishi haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, kodeksning 283-moddaning birinchi qismi quyidagicha bayon etilmoqda. Unga ko‘ra, agar fuqaro o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirmasa hamda unga joyning o‘zida solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmasa, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydi. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun, jarima miqdoridan qat’i nazar, ma’muriy bayonnoma tuziladi.

Shuningdek, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi.